BILYARD

BILYARD, billiard (Fransuzcha billard; bille — shar) — gorizontal yuzasiga movut qoplangan to’g’ri to’rtburchak stol, shuningdek shu stolda o’ynaladigan o’yin. Bilyard Hindiston va Xitoyda kelib chiqqan; 16-18 asrda Yevropa (Frantsiya) da tarqaldi. Bilyard stolining to’rt burchagi va ikki yonining o’rtasi teshik bo’lib, teshiklarga to’r xaltacha osilgan. Bilyard o’yinida fil suyagidan yoki mastikadan qilingan shar (diametri 61-61,5 millimetr) pishiq yog’ochdan yasalgan tayoqcha — kiy (uzunligi 140-150 santimetr) bilan urib teshikka tushiriladi. Ikki yoki to’rt kishi tarafmataraf bo’lib o’ynaydi. Hozirgi vaqtda “amerikanka”, “moskvacha”, “piramida”, “snuker” o’yinlari keng rasm bo’lgan. O’zbekistonda 1989 yil Bilyard sporti federatsiyasi tuzilgan. O’zbekiston chempionligi va kubogi uchun musobaqalar muntazam o’tkaziladi. Bu musobaqalarda Rustam Usmonov bir necha bor g’olib chiqqan. O’zbekistonlik Dmitriy Xan (marhum) Vengriyada o’tkazilgan musobaqada jahon chempioni unvoniga sazovor bo’lgan (1996). Bilyardchilarimiz 1998 yil Bangkok (Tailand)da bo’lib o’tgan Osiyo o’yinlarida qatnashishdi.