BIOAKUSTIKA
BIOAKUSTIKA (bio… va akustika) biologiyaning hayvonlar tovushini va ularning tovush orqali bir-biri bilan aloqa bog’lashini o’rganadigan bo’limi. Bioakustika hayvonlar ekologiyasi va etologiyasi bilan ularning tovush signallari chiqaradigan hamda bunday signallarni qabul qiladigan organlarining fiziologiyasi va morfologiyasi hamda akustikasi bilan chambarchas bog’liq. Evolyutsiya jarayonida hayvonlarning tovush orqali bir-biri bilan aloqa bog’lash xususiyati murakkablashib borgan, ular tanasining har xil qismlari ishqalanishidan hosil bo’ladigan “mexanik” tovushdan nafas yo’llaridagi havo oqimidan (“haqiqiy” tovushdan) foydalanishga o’tgan. “Mexanik” tovush o’rgimchaksimonlar, ko’poyoqlilar, qisqichbaqasimonlar va hasharotlar uchun xos (tsikadalarning tebranuvchi membranalari, qo’ng’izlar qanotining pirillashi va boshqalar), 42 oilaga mansub mingdan ortiq baliqlarda ham shu xilda tovush chiqarish xususiyati bor ekanligi aniqlangan. Baliqlar suzgich pufagi, tangachalari, jag’lari va tanasining boshqa qismlari yordamida tovush chiqaradi. Quruqlikda yashaydigan umurtqali hayvonlar tovush chiqarishda nafas sistemasi va tovush boylamlaridan foydalanadi. Tovush orqali aloqa bog’lash xususiyati parrandalarda yaxshiroq, sut emizuvchi va suvda hamda quruqlikda yashovchilarda birmuncha kamroq rivojlangan. Evolyutsiya mobaynida tovush qabul qilish sistemasi ham takomillashib borgan. Bioakustika katta amaliy ahamiyatga ega. Masalan, zararkunanda hayvonlarni butunlay qirib yuborish o’rinsiz bo’lsa, ular sun’iy tovushlar (signallar) yordamida qochirib yuboriladi, chunonchi, aerodromlarda parrandalar sun’iy tovush yordamida quvlanadi, chunki ular aviatsiya halokatiga sabab bo’lishi mumkin. Yapaloqqushlar, ko’rshapalaklar va delfinlar exolokatsiya sistemasi bionikapya ahamiyatga ega. Biogidroakustikadan baliq ovlashning yangi usullarini ishlab chiqishda va dengizda suzishda foydalaniladi.