BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTI

BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTI (BMT) — yer yuzida tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta‘minlash, davlatlarning o’zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tashkilot. 1945-yilda tuzilgan. BMTni barpo etish haqidagi qaror SSSR, AQSH, Buyuk Britaniya va Xitoy tashqi ishlar vazirlarining Moskvadagi kengashida 1943-yilda, Ustavi esa SanFransisko konferensiyasida 1945-yilda qabul kilindi. BMT Ustaviga dastlab 51 davlat imzo chekkan, 2012-yilda esa ular soni 193 taga etdi. BMTning doimiy ish o’rni (shtab kvartirasi) – Nyu-York shahrida (AQSh). BMT Ustavida ko’rsatilganidek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning teng huquqli bo’lishi va o’z taqdirini o’zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o’rtasida do’stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o’rtasida hamkorlik bo’lishini ta‘minlashni ko’zda tutib, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini uyg’unlashtirib turadigan markaz hisoblanadi. 2000-yil 6-8–sentabrda BMTning 55-sessiyasi doirasida «Ming yillik sammiti» bo’lib o’tdi. Unda 155 dan ortiq mamlakatning davlat va hukumat boshliqlari ishtirok etdi. Mazkur anjumanda umumbashariy ahamiyatga ega bo’lgan ijtimoiy-iqtisodiy ekologiya va xavfsizlikka doir muammolar muhokama qilinib, yangi yuz-yillikning dastlabki yillarida amalga oshirilishi mo’ljallanayotgan tadbirlar belgilandi. BMT o’z a‘zolarining suveren tengligiga asoslanadi. BMT davlatlarning ichki ishlariga aralashmaydi. Uning Ustavida qayd etilgan barcha majburiyatlarni zimmasiga oladigan davlatlar BMTga a‘zo bo’la oladi. Yangi a‘zolar BMT Xavfsizlik Kengashi tavsiyasiga muvofiq, BMT Bosh Assambleyasi qarori bilan qabul qilinadi. BMT a‘zolari xalqaro nizolarni tinch yo’l bilan hal etishlari lozim. Ustav qoidalarini doimo buzib turadigan davlat, Xavfsizlik Kengashining tavsiyasiga muvofiq, Bosh Assambleya qarori bilan BMT a‘zoligidan chiqariladi. BMTning asosiy organlari: Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va ijtimoiy kengash (EKOSOS), Vasiylik kengashi, BMT huzuridagi Xalqaro sud va BMT Kotibiyati – Bosh kotib va boshqa xodimlardan iborat. BMT Bosh kotiblari: Tryugve Li (Norvegiya, 1946-53), Dag Xammarsheld (Shvesiya, 1953-61), U Tan (Birma, 1961-71), Kurt Valdxaym (Avstriya, 1972-81), Xaver Peres de Kuelyar (Peru, 1982-91), Butros Butros G’oli (Misr, 1992-97), Kofi Anan (Gana, 1998-2007), Pan Gi Mun (Koreya Respublikasi 2008- yildan). Bosh kotibni Xavfsizlik Kengashi tavsiyasiga muvofiq Bosh Assambleya 5 yil muddatga tayinlaydi. Bosh kotib har yili BMT ishi hakida Bosh Assambleyaga hisobot berib turadi, kotibiyat xodimlarini tayinlaydi. BMT va uning organlari barqaror ishlashini ta‘minlashda, Bosh Assambleya va BMT boshqa organlari qarorlari amalda bajarilishida yordam beradi. O’zbekiston o’z mustaqilligini e‘lon qilganidan keyin ko’p o’tmay 1992- yil 2-martda BMTga a‘zo bo’ldi. Shu kuni BMT Bosh Assambleyasi binosi oldida O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i ko’tarildi. 1993-yil 24-oktabrda Toshkentda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ochildi. BMTda O’zbekiston Respublikasi vakolatxonasi ish boshladi. O’zbekiston Respublikasi BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bilan shug’ullanuvchi tashkiloti – YUNESKOga ham a‘zo bo’ldi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning BMT Bosh Assambleyasi 48-sessiyasida (1993-yil sentabr), BMT tashkil etilganining 50 yilligiga bag’ishlangan sessiyada (1995-yil oktabr), BMT Bosh Assambleyasining «Ming yillik sammiti» (2000- yil sentabr va 2010-yil sentabr) da so’zlagan nutqlari dunyo jamoatchiligida katta qiziqish uyg’otdi. Xususan, ushbu xalqaro tashkilotning XX asr so’nggidagi eng yirik anjumanida O’zbekiston rahbari xalqaro terrorizm va narkobiznes bilan bog’liq muammolarni hal etish; mintaqaviy xavfsizlik, jumladan Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta‘minlash; jahon xavfsizligi tizimini takomillashtirish, BMT faoliyati va tarkibiy tizimini isloh qilishga taalluqli takliflar bilan chiqdi O’zbekiston Respublikasi BMTning teng huquqli a‘zosi sifatida bu eng nufuzli xalqaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qat‘iy amal qilmoqda.