BIXEVIORIZM

BIXEVIORIZM (inglizcha behaviour xulq) — 19-asrning oxiri — 20-asrdagi Amerika psixologiyasining yetakchi oqimlaridan biri. Bixeviorizm ta’limoti asosida odam va hayvon xulqida tashqi muhitdan bo’ladigan ta’sir, qo’zg’atuvchi (stimul)ga javoban yuzaga keladigan xatti-harakat va unga taalluqli nutqiy va hissiy javoblarning majmui yotadi. Bixeviorizm introspektiv psixologiya inqirozi sharoitida va hayvonlar psixikasini eksperimental tadqiq qilish ta’siri ostida yuzaga kelgan. Chunki bunday tadqiqotlarda inson psixikasini o’rganishda yetakchi bo’lgan o’z-o’zini kuzatish metodidan foydalanib bo’lmagan, shuning uchun hayvonlarga nazorat qilib turiladigan turkum ta’sirlar ko’rsatish va bu ta’sirlarga hayvonlar tomonidan beriladigan (berilayotgan) javob reaktsiyalarini qayd etib borishga asoslangan tajriba metodikasi ishlab chiqilgan. So’ng bu metodika odam psixologiyasini ham o’rganishga ko’chirilgan. Pozitivizm falsafasi tamoyillari Bixeviorizmning umummetodologik asosi bo’lib xizmat qilgan. Bu tamoyilga ko’ra, fan, bevosita kuzatib bo’lmaydigan ongni emas, balki faqat bevosita kuzatsa bo’ladigan narsalarnigina qayd etishi lozim. Bixeviorizm nuqtai nazaridan xulq “stimul— reaktsiya” (S—R) aloqalarining majmui sifatida talqin qilingan (tushunilgan). Bixeviorizmning ilk g’oyalari E. Torndayk (1874— 1949) asarlarida o’z aksini topgan. Bixeviorizm dasturi va shu atamaning o’zi birinchi bor J. B. Uotson tomonidan taklif etilgan (1913). Bixeviorizm ilmiy asoslarining shakllanishiga V. M. Bexterev va I. P. Pavlovlarning ishlari katta ta’sir ko’rsatgan. Bixeviorizm ta’limotiga ko’ra, odamda, u tug’ilgan vaqtda nisbatan oz (kam) sonli xulqning tug’ma tizimlari (nafas olish, yutish va shu kabilar) mavjud bo’ladi va keyinchalik shular ustiga ancha murakkabroq xulq jarayonlari qo’shilib boradi. Muvaffaqiyatli reaktsiyalar mustahkamlanib boradi va keyinchalik ham “effekt qonuni”ning qayta tiklanishi an’anasiga ega bo’ladi. Reaktsiyalarning mustahkamlanib borishi “mashqlar qonuniga” bo’ysunadi, ya’ni bir xil stimullarga javoban bir xil reaktsiyalarning qaytaqayta takrorlanaverishi natijasida bu reaktsiyalar o’z-o’zidan yuzaga chiqaveradigan bo’lib qoladi. Bixeviorizm 20-asrning 20-yillarida yuksak darajada rivojlandi. Bixeviorizm atamasi va tadqiqot metodikalarining asosiy g’oyalari antropologiya, sosiologiya va ped.ga ham tatbiq etildi. Xulqni o’rganish borasida bir-biri bilan bog’liq bu fanlar Amerikada bixevioral fanlar deb ataladigan umumiy nom olgan. Hozir ko’p hollarda Bixeviorizm g’oyalari saqlanib qolgan, 2-jahon urushidan keyin Bixeviorizm an’analari qator tadqiqotlar, shuningdek dasturli ta’lim (Skinner) deb nomlangan Amerika kontsepsiyalarida davom ettirilgan. Hoz. zamon psixologiyasida Bixeviorizm jiddiy tanqid ham qilinadi. Buning sababi Bixeviorizmda ong, tafakkur, iroda va shu kabilar asosiy tushunchalar psixologiyadan chetlashtiriladi, psixikaning ijtimoiylik tabiati inkor qilinadi va shularning oqibatida inson xulqi soddalashtirilib yuboriladi.