BIZNES REJA

BIZNES REJA — aniq tanlangan tadbirkorlik ishining barcha bosqichlari tavsiflangan va taxm. hisob-kitob qilingan loyiha. Unda aniq tanlangan tadbirkorlik ishining hamma tomonlari o’z aksini topadi. Biznes reja o’z tarkibi jihatidan loyihaning afzalliklari va uni amalga oshirishdan kutiladigan moliyaviy natijalar bayon etilgan yakuniy xulosa hamda asosan 10 bo’limdan iborat asosiy qismga bo’linadi. Biznes rejada loyiha bo’yicha ishlab chiqariladigan tovar (xizmat)larning tavsifi hamda uning xaridorgirligi va raqobatbardoshligini ta’minlaydigan omillar; bozor hajmini baholash asosida sotish bozori, tadbirkor bozorning qaysi segmentida ish yuritishi, savdo hajmi, tovar (xizmat)lar narxi prognozlari; ehtimoli bo’lgan raqobatchilar (ularning mahsulotlari sifati va xaridorgirligi, narxi to’g’risida axborot beriladi); marketing xizmatining asosiy unsurlari (tovarning qanday yo’l bilan sotilishi, tovar narxining shakllanishi, sotishni rag’batlantirish, reklamaning qaysi usullarini tanlash va boshqalar); mahsulot ishlab chiqarish rejasi (ishlab chiqarish aloqalari, mahsulot sifatini nazorat qilish, ishlab chiqarish xarajatlari va boshqalar); umuman ishni, xodimlar ishini tashkil etish; loyihaning tashkiliy-huquqiy shakllarini belgilaydigan yuridik reja; loyiha bo’yicha barcha ma’lumotlarni umumlashtiradigan hamda ularning qiymat ifodalari ko’rsatilgan moliya rejasi; loyihani moliyalash strategiyasi (vositalarni qayerdan va qanday shaklda olish, jami qancha pul kerakligi, uning qayerdan olinishi va xarajatlarning qoplanishi, investorlarning daromad olish vaqti va boshqalar) o’z ifodasini topadi. Biznes rejani ishlab chiqishda tadbirkorning o’zi (“Birinchi rahbar”), firma (xo’jalik) larning mutaxassislari ishtirok etadi, tashqaridan maslahat va tavsiyalar olinadi. Biznes reja ekspertlar ko’rigidan o’tkaziladi va olingan xulosalarga tayanib Biznes reja yanada mukammallashtiriladi. Biznes reja kredit berish uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Sherqul Shodmonov.