BOBOSURXOK TOG’LARI

BOBOSURXOK TOG’LARI — Hisor tog’tizmasining Janubiy g’arbiy tarmoqlaridan biri. Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tuman i xududida. Eng baland joyi — 1790 metr, o’rtacha balandligi 1500— 1600 metr. Shimoli sharqdan Janubi g’arbga 9— 10 kilometrga cho’zilgan. Mezokaynozoy yotqiziqlari (ohaktosh, qumtosh, gipsli gil, mergel, konglomeratlar va boshqalar) bilan qoplangan. Janub yon bag’ri nisbatan tik. Karst shakllari (chuqurlar, g’orlar) rivojlangan. Iqlimi quruq va issiq, tekisliklardan kam farq kidali. O’rtacha yillik yog’in miqdori 300— 400 millimetr. Tog’yon bag’irlarida buloqlar mavjud. Efemer va efemeroid o’simliklar o’sadi. Shimoliy Sharqiy qismlarida 1500 metrdan balandroqda archazorlar bor. Yaylov sifatida foydalaniladi. Antropogen ta’sir eroziyaning kuchayishiga, yaylovlarda o’tning siyraklashishi va o’rmon maydonlarining qisqarishi kabi salbiy oqibatlarga olib kelmoqda.