BOBOYEV BAXTIYOR MAMARASUL O’G’LI
BOBOYEV BAXTIYOR MAMARASUL O’G’LI (1937.25.12, hozirgi Qozog’istondagi Aris shahri) —rassom, O’zbekiston BA akademik (1999). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1973). Shoir M. Boboyevning o’g’li. Toshkent teatr va rassomlik san’ati intini tugatgan (1963). 1974 yildan Toshkent teatr va rassomlik san’ati (hoz. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn) institutida o’qituvchi, 1980 yildan dotsent, 1997 yildan professor Boboyev ijodida ijodkorlar, hunarmandlar qiyofasi, mehnat jarayoni muhim o’rin tutadi. Asarlari: “Zamin sho’ri” (1963), “Tandirchilar” (1968), “Alisher Navoiy portreti” (1968), “Farg’ona navolari” triptixi (1970), “Gazli tongi” (1975), “Chorraxa” (1983), “Alisher Navoiy soy bo’yida” (1993), “Namozi asr” (1997) va boshqalar. 1963 yildan respublikada va chet mamlakatlardagi badiiy ko’rgazmalarda asarlari bilan faol ishtirok etadi.