BOBUR MAQBARASI

BOBUR MAQBARASI — Kobul (Afg’oniston)dagi me’moriy yodgorlik (16-17 va 20-asrlar). Boburning xoki 1539 yilda Agra (Hindiston)dan olib kelinib shu yerda dafn etilgan. Bobur maqbarasi Kobul shahrining Sherdarvoza tog’i yon bag’ridagi (xushmanzara qiya yalanglikda) Bobur ixlos qo’yib obod qilgan tarixiy bog’ “Nazargoh” (keyinchalik bog’ning nomi “Bog’i Bobur” deb nomlangan)ning yuqoridagi maydonchasida joylashgan. Bobur vasiyatiga ko’ra, dastlab qabr ustiga maqbara qurilmagan. 1606 yilda tarixiy lavha chekilgan oqish kulrang qabrtosh o’rnatilgan. 1932 yilda marmar, beton va sopoldan mo’jazgina shiyponmaqbara barpo qilingan. Maqbara yaqinida o’g’li Mirzo Hindol va nabirasi Mirzo Muhammad hokimning qabrtoshlari saqlangan. Nariroqda Ruqiya Sultonbegim qabrtoshi (1640). Pastki pog’onada Shoh Jahon hind me’morligi uslubida kulrang toshdan ayvonli masjid qurdirgan. Xalqaro Bobur jamg’armasi tashabbusi bilan Andijondagi Bobur milliy bog’i (“Bog’i Bobur”)da Kobuldagi Bobur maqbarasiga o’xshash ramziy qabrmaqbara bunyod etildi.