BOBUR MILLIY BOG’I MAJMUASI
BOBUR MILLIY BOG’I MAJMUASI, “Bog’i Bobur” — Andijon shahrining Janubi sharqida — Buyuk ipak yo’li yoqasi (Bog’ishamol) dagi adirda joylashgan yodgorlik majmui (me’mori Muhammadjon Mirzayev). 300 ga maydonni egallagan. O’zbekiston Respublikasi xalqaro Bobur jamg’armasi (rahbari Zokirjon Mashrabov) tashabbusi bilan 1991-92 yillar barpo etilgan. Kobul shahridagi “Bog’i Bobur”ga qiyosan qurilgan. Boqqa kirish uchun sharqona uslubda qurilgan marmar darvoza yo’lakdan ko’p pog’onali zinalar orqali yuqoriga ko’tariladi. Birinchi supachada Boburning ulkan haykali (haykaltarosh Qodirjon Salohiddinov) o’rnatilgan. Undan yuqoridagi supachada “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi qad ko’targan. Uning moviy gumbazi ichidagi va devoridagi bezakrasmlarni “Boburnoma” asari mazmunida mahalliy rassom Ulug’bek Boltaboyev chizgan. Muzey ko’rgazmalarida Bobur jamg’armasi turli mamlakatlarga bir necha bor uyushtirgan ekspeditsiya natijasida to’plangan noyob tarixiy kitoblar, Bobur asarlarining qo’lyozma nusxalari, xususan “Xatti Boburiy”da Bobur o’z qo’li bilan ko’chirgan Qur’oni Karim nusxalari, Bobur davri qurolaslahalari, saroy ahli kiyimlari, Boburiy podshohlar zarb qildirgan tanga pullardan namunalar qo’yilgan. Muzeyning ikki yonidan o’tgan marmar zinali yo’l yana ham yuqoriga, so’nggi supaga ko’tariladi. Bu yerda Boburning ramziy qabr sag’anasi (Kobuldagi Bobur qabri tuprog’idan olib kelib qo’yilgan) bor. Ramziy qabrdan yuqoriga ketgan yo’l bolalar o’yin maydonchalariga olib chiqadi. Pastdan istirohat bog’ining yuqorisiga osma yo’l (2 kilometr) ham o’tkazilgan. Bog’da hunarmandchilik buyumlari do’koni, shuningdek choyxona, oshxona va boshqa dam olish maskanlari bor. Alohida dam olish joyida kontsert ko’rish sahnasi, kurash va boshqa musobaqalar o’tkaziladigan maydon qurilgan. Bog’da 20 xildan ortiq mevali (yong’oq, uzum, olma, anor, anjir, gilos va boshqalar), 10 dan ortiq manzarali daraxtlar (archa, chinor, eman, chakanda, majnuntol, mirzaterak va boshqalar) ekilgan. Bog’ nihoyatda xushmanzara, obod; Andijon shahri va atrofdagi aholining oromgoh va ziyoratgoh joyi. Bu yerda Navro’z va Mustaqillik kunlari xalq sayillari bo’lib o’tadi. Sobirjon Shokarimov.