BOG’DORCHILIK
BOG’DORCHILIK, mevachilik — 1) qishloq xo’jaligining meva, uzum va rezavor mevalarni etishtiradigan muhim sohasi. Aholining meva va meva mahsulotlariga, sanoatning meva xom ashyosiga bo’lgan ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi. Sof Bog’dorchilik (olma, nok, o’rik, gilos va boshqalar yetishtirish) va ko’chatchilik (ko’chatzorlarda mevali daraxtlar ko’chatlari yetishtirish) tarmoqlariga bo’linadi. Jahon bog’dorchiligida 200 dan ortiq meva, rezavor meva, yong’oq meva turlari ekiladi, ulardan 100 meva turi sanoat ahamiyatiga ega. Olma, zaytun, Finikiya pal’masi, banan, mango, tok eng ko’p ekiladigan meva turlariga kiradi. Bog’dorchilik Xitoy, AQSh, Hindiston, Argentina, Braziliya, Yaponiya, Ispaniya, Frantsiya, Italiyada rivojlangan. O’rta Osiyodagi Bog’dorchilik haqida dastlabki ma’lumotlar miloddan avvalgi 1-ming yillikning o’rtalariga oid yunon, Xitoy, Rim manbalarida uchraydi. O’rta Osiyo ko’pgina meva turlarining vatani hisoblanadi. Asrlar davomida xalq selektsiyasi asosida o’rik, olma, nok, yong’oq, bodom, anor, tok va boshqalarning juda serhosil navlari yaratilgan. Ularning ko’plari sifat jihatidan dunyo kollektsiyasida o’zining takrorlanmas o’rniga ega. 20-asr boshlarida hozirgi O’zbekiston hududida taxminan 50 ming gektar bog’, jumladan 22 ming gektar mevazor, 37 ming gektar tokzor bo’lgan. Bog’larning asosiy maydonlari Fargona vodiysi (24%), Toshkent vohasi (36%) va Zarafshon vodiysi (tokzorlarning 50%) ga to’g’ri kelar edi. Bog’larda danakli mevalar 70% ni (asosan o’rik), urug’li mevalar (olma, nok, behi) 25% maydonni egallagan edi. Shahar va qishloqlar atroflarida alohida mevazorlarda aholining bog’lari va chorbog’lari (mevazor, tokzor, poliz va sayilbog’)da mevalar, tok, turli gullarning mahalliy navlari ekib kelingan. Yetishtirilgan mevalar yangiligida iste’mol etilgan, lekin qoqi va mayiz solish asosiy o’rinda turgan. 20 yillarning 2-yarmidan ixtisoslashtirilgan mevachilik va tokchilik xo’jaliklari barpo etila boshladi, tog’ va tog’ etaklari zonalarida joylashgan jamoa xo’jaliklarida ham bu tarmoqqa katta e’tibor berildi. Mevalarning nav tarkibini yaxshilash maqsadlarida olma, nok, uzum va boshqalarning Yevropa mamlakatlarida yetishtirilgan navlari keltirib ekildi. 50-yillar oxiri — 60-yillarda 2500-3000 gektar bog’ va tokzorlarga ega bo’lgan agrokombinatlar tashkil etildi. Respublikada meva va rezavor mevaning 20 turi ekiladi. Urug’li meva daraxtlari (olma, nok, behi va boshqalar), danakli meva daraxtlari (o’rik, shaftoli, olxo’ri, gilos, olcha, oluvoli va boshqalar), subtropik o’simliklar (anor, anjir), yong’oq mevalilar (yong’oq, pista, bodom), rezavor mevalilar (qulupnay, malina, smorodina, chakanda) asosiy o’rinni egallaydi. Olma, nok va tokning yozgi, kuzgi va kishki navlari muhim xo’jalik ahamiyatiga ega. Tokchilik qadimdan Toshkent, Samarqand viloyatlari, Farg’ona vodiysida taraqqiy etgan, xo’raki, mayizbop va konserva mahsulotlari (shinni, murabbo, sharbatlar) hamda vinochilik yo’nalishlariga ega. O’zbekistonda meva qoqilari va mayizning noyob xillari tayyorlanadi. Respublikaga tropik va subtropik mintaqalardan olib kelingan limon, apelsin, mandarin, unobi, Sharq xurmosi, Pekan kabi mevalar tobora ko’proq maydonlarda ekilmoqda. Andijon, Namangan, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida ko’pgina xo’jaliklarda issiqxona limonzorlari barpo qilingan. Respublika bo’yicha bunday issiqxonalar maydoni 427 ga dan ko’proq (2001). 90-yillardan boshlab paxta maydonlari qisqartirilishi munosabati bilan Qoraqalpog’iston Respublikasi; Xorazm, Buxoro, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida ko’plab bog’va tokzorlar tashkil etildi. Respublikada 100 dan ortiq ixtisoslashtirilgan Bog’dorchilik xo’jaliklari bor. Respublikada bog’larning umumiy maydoni 320 ming gektarga yetdi (meva bog’lari 199 ming gektar, tokzorlar 120 ming gektar), yalpi meva va uzum hosili 833 ming tonnadan oshdi (1999). Mevaning har bir viloyat, tumanning tuproq va iqlim sharoitiga moslashtirilgan, rayonlashtirilgan navlari ekiladi. 2) Bog’dorchilik fan sifatida mevali daraxtlarning tuzilishi, o’sishi, rivojlanishi, ko’payishi hamda hosil berish qonuniyatlarini, shuningdek ularning tashqi muhit bilan aloqadorligini o’rganadi, turli tabiiy muhitda o’sib, yaxshi hosil berishini ta’minlash uchun ilg’or agrotexnika usullarini ishlab chiqadi. Bog’dorchilik biologiya, tuproqning fizik va kimyoviy xususiyatlari, o’simliklar fiziologiyasi, agrokimyo hamda umumiy dehqonchilik bilan bevosita aloqador bo’lib, Bog’dorchilik agrotexnikasining barcha usullari shu fanlarga asoslanadi. O’zbekistonda Bog’dorchilikni rivojlantirishda akademik R. R. Shreder nomidagi bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik instituti va O’zbekiston O’simlikshunoslik institutining xizmati katta. Keyingi yillarda meva, rezavorlar va tokning 200 dan ortiq serhosil navlari yaratildi, boshqa mamlakatlardan keltirib iqlimlashtirildi va ekishga tavsiya etildi. Respublikadako’chatchilik ishlari ham ilmiy asosga qo’yilgan va markazlashtirilgan. R. R. Shreder nomidagi “Mevasharbat” korporasiya va uning viloyatlardagi filial va xo’jaliklarida xo’jaliklar va bog’bon, sohibkorlarga sotish uchun har yili 10-12 million dona turli meva daraxtlari va tok ko’chatlari yetishtiriladi. Sultan Xolnazar.