BOJXONA KODEKSI
BOJXONA KODEKSI — davlat bojxona organlari ishining huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilab beruvchi, ularning faoliyatini amalga oshirishni tartibga soluvchi, yagona tizimga solingan qonun hujjati. Bojxona kodeksi qonun chiqaruvchi organlar tomonidan xalqaro bojxona qoidalariga asoslanib, davlat manfaatlari ta’minlanishini kafolatlaydigan tarzda ishlab chiqiladi. Bojxona kodeksida bojxona organlarining vazifalari, huquq va burchlari hamda bojxona ishlari tashkil etilishining me’yorlari o’z aksini topadi, kontrabanda va bojxona qoidalarini buzilishiga qarshi kurash olib borish tartiblari ifodalab beriladi. Bojxona deklarasiyasida qayd etilgan tovar va buyumlarga solinadigan bojxona bojlari, tovar (mulk)larning bojxona nazoratida saqlanishi va turli bojxona yig’imlarini undirishda Bojxona kodeksi asos bo’lib xizmat qiladi. O’zbekiston Respublikasining bojxona kodeksi Oliy Majlis tomonidan 1997 yil 26 dekabrda qabul qilinib, 1998 yil 1 martdan amalga kiritildi. Bu Bojxona kodeksi 198 moddani o’z ichiga olgan bo’lib, 19 bob, 11 bo’limdan iborat. Unda umumiy qoidalar (bojxona ishi, hududi, qonun hujjatlarining amal qilish tartibi, asosiy tushunchalar va boshqalar) (1 bo’lim), tovarlar va transport vositalarini O’zbekiston Respublikasi bojxona hududidan olib o’tish tartibi(N), bojxona nazorati, rasmiylashtirilishi va to’lovlari (111), dastlabki operasiyalar (VI), boj imtiyozlari (VII), nazorat ostida tovar yetkazib berish tartibi (VIII), bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik (IX), bunday ishlarni yuritish (X) va jazo berish to’g’risidagi qarorlarni ijro etish (XI) kabi masalalar o’z ifodasini topgan. Muzaffar Ortiqov.