BO’KA
BO’KA (turkiycha — zo’r, kuchli) — tarixda turli an’anaviy bayram va tantanali marosimlar chog’ida o’tkaziladigan pahlavonlar musobaqasida qatnashuvchi kurashchi, polvon. Bo’kalarning xalq orasidagi obro’si juda baland bo’lgan. Sug’dda eng kuchli Bo’ka sharafiga yiliga bir marta nishonlanadigan bayram kuni bo’lgan. Bo’ka uchun noz-ne’matlar bilan bezatilgan maxsus dasturxon tayyorlangan. Yozilgan dasturxonga Bo’kadan boshqa kishi yaqinlashmagan. Bo’kalar musobaqasi tinchlik vaqtlarida, shuningdek harbiy safar va yurishlar paytida ham o’tkazilib turilgan.
BO’KA — Toshkent viloyatidagi shahar (1980 yildan). Bo’ka tumani markazi. Bo’kadan Toshkentgacha bo’lgan masofa — 70 kilometr. Yaqin temir yo’l stansiyasi — To’ytepa. Toshkent — Bekobod avtomobil yo’li yoqasida. Dengiz sathidan 390 metr balandlikda joylashgan. Aholisi 20,5 ming kishi (2001). Bo’ka nomi ayrim toponimistlarning fikricha, turkiy xalqlarning bir urug’i Bo’ka (bo’ke) nomidan deb taxmin qilinadi. Bo’kada paxta tozalash zavodi, akkumulyator ishlab chiqariladigan “Akkummashservis” korxonasi, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish, maishiy xizmat ko’rsatish korxonalari va tsexlar ishlaydi. Bo’kada agroservis kolleji, umumiy ta’lim maktablari, bolalar sport va musiqa maktablari, bolalar bog’chalari, kasalxona, poliklinikalar, kinoteatr, kutubxonalar va boshqalar bor.