BOL AJRATGICH

BOL AJRATGICH (asalarichilikda) — ramkadagi mumkatakni buzmasdan undagi asalni ajratib oladigan mashina; markazdan qochma kuch ta’sirida ishlaydi. 1865 yil Chex asalarichi konstruktori Grushko ixtiro qilgan (ungacha bol mumkatakni presslab olingan). Bol ajratgich tsilindrsimon bak, ichki baraban — rotor va harakatlantirgichdan iborat. Bakning o’rtasiga tik o’q o’rnatilgan. Bu o’qqa biriktirilgan barabanga sim tur tortilgan. Barabanga o’rnatiladigan ramkaning mumkataklari (bularning og’zi ochilgan) shu sim to’rga tegib turadi. Harakatlantirgich bilan o’q aylantirilganda mumkataklardagi asal markazdan qochirma kuch ta’sirida bak devoriga va undan bak tubiga tushadi. Asalni bak jo’mragidan idishlarga tushirib olinadi. Bol ajratgichning xordial, radial va kombinatsiyalashgan xillari bor. Xordial Bol ajratgichda ramkalar xorda bo’yicha, ya’ni bak devoriga yon tomoni bilan, radial Bol ajratgichda ramkalar radius bo’yicha joylashtiriladi. Bol ajratgich hozir ham ishlatiladi.