BOLA HUQUQLARI TO’G’RISIDA KONVENTSIYA
BOLA HUQUQLARI TO’G’RISIDA KONVENTSIYA — bolalar huquq to’g’risidagi xalqaro huquq normalari kuchiga ega bo’lgan hamda kelajakka qaratilgan eng to’la va birinchi hujjat. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1989 yil 20 noyabrda bir ovozdan qabul qilingan. Konventsiya 1959 yilda qabul qilingan bola huquqlari deklaratsiyasi qoidalarini rivojlantiradi. Deklaratsiya “Insoniyat o’zida mavjud bo’lgan eng yaxshi narsalarning hammasini bolalarga berishga majbur” deb e’lon qilgan edi. Konventsiya esa ushbu Deklaratsiya va boshqa xalqaro hujjatlardagi bolalar huquqlari to’g’risidagi qonunlarni o’zida mujassamlashtirgan. Bola huquqlari to’g’risida konventsiya dunyoning barcha mintaqalaridagi xalqlar uchun teng ahamiyatga ega, asosiy maqsadi bolalar manfaatlarini mumkin qadar himoya qilishdan iborat. U muqaddima, 3 qism, 54 moddadan iborat. Konventsiyaga asosan agar milliy qonunlarda balog’at yoshi birmuncha erta belgilangan bo’lmasa, 18 yoshga to’lmagan har qanday shaxs bola hisoblanadi. Bola huquqlari to’g’risida konventsiya insonning fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquklari yig’indisidan iborat. U bolalar o’zining axloqiy, aqliy va ruhiy qobiliyatlarini erkin rivojlantirishi uchun boshqa narsalardan tashqari sog’lig’i va atrof muhitning xavfsizligi, tibbiy yordamga ega bo’lish va ovqatlanish, kiyim-kechak, turarjoy xususidagi minimal normalar bilan ta’minlanishi zarurligini talab etadi. Konventsiyaga ko’ra, bola o’zining kamol topishida o’zi faol ishtirok etish, o’z fikrini bayon qilish huquqiga ega, bu esa uning hayotiga oid masalalarni hal etishda hisobga olinishini ta’minlaydi. Konventsiya bolaning yashash va sog’lom rivojlanish huquqiga, farzandlikka olish bilan bog’liq huquqqa, noraso bolalar va qochoq bolalar, shuningdek huquqbuzarlik sodir etgan bolalarning huquqlariga oid qoidalarni o’z ichiga oladi, bolalarga g’amxo’rlik qilish va ularni himoya qilishda oila va ota-onaning birinchi darajali roli, bolalarga yordam ko’rsatish borasidagi majburiyatini tan oladi. Bolalarni kamsitmaslik — Konventsiyaning muhim tamoyillaridan hisoblanadi. Bolalar irqi, tanasining rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodi, milliy, etnik yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati, sog’lig’ining ahvoli otaonasi yoki qonuniy vasiysi yoxud qandaydir boshqa holatlardan qati nazar, biron-bir kamsitishlarsiz o’z huquqlaridan foydalanishi kerak. Bola huquqlari to’g’risida konventsiya 1990 yil 2 sentabrda kuchga kirgan. Unga O’zbekiston Respublikasi 1992 yil 9 dekabrda qo’shilgan. Konventsiyani ratifikatsiya qilgan yoki unga qo’shilgan davlatlar uni bajarish yuzasidan tadbirlar bo’yicha bola huquqlari qo’mitasiga muntazam ravishda milliy ma’ruzalar yuborib turadi. O’zbekiston Respublikasida ushbu Konventsiyani bajarish bo’yicha birinchi milliy ma’ruza 1997 yilda tayyorlandi. Akmal Saidov.