BOQIRG’ONIY SULAYMON

BOQIRG’ONIY SULAYMON (? Xorazm viloyati Xazorasp tumani Boqirg’on qishlog’i — 1186) — tasavvufning yirik namoyandasi, shoir. Ahmad Yassaviy tariqatining davomchisi. Hayoti haqidagi ma’lumotlar turli rivoyatlar bilan aralashib ketgan. Xalq orasida “Hakim ota” nomi bilan ham mashhur. Yassaviyga murid (shogird) bo’lgan, o’z iqtidori va she’riy iste’dodi bilan pirining e’tiborini qozongan. Boqirg’oniy Sulaymon ustozining tariqati qoidalarini yanada chuqurlashtirib keng xalq ommasiga etkazgan. Yassaviyona sodda, ravon uslubda ijod qilgan. O’z asarlarida Islomni, shariat va tariqat qoidalarini targ’ib qilgan, kishilarni u dunyoni o’ylab yashashga, Allohning karamidan bahramand bo’lishga da’vat etgan. Boqirg’oniy Sulaymon ma’rifatni Allohni tanish, uning nazariga tushish, deydi. Oliy muhabbatni Allohga bo’lgan muhabbat, deb tushuntiradi. U tariqat yo’lini komil insonni tarbiyalash yo’li, jannatga eltuvchi yo’l, deb biladi. Boqirg’oniy Sulaymon o’z o’gitlarida davriga xos ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik va boshqa illatlar uchun javobgar shaxslarni u dunyo azoblari dahshatini eslatish bilan tarbiyalashga ham intiladi. Insofsiz va imonsiz amaldorlar, nopok ishlar bilan shug’ullanuvchi, xaromxo’r, nodon va johillar hamda bosqinchi, talonchilarni fosh etadi. Boqirg’oniy Sulaymon she’rlari “Boqirg’on kitobi” nomi bilan mashhur. Uning “Bibi Maryam kitobi”, “Oxir zamon kitobi” kabi dostonlari ham bor. Bularda tasavvuf to’g’risida o’z fikrlarini bayon etadi. Boqirg’oniy Sulaymon turkiy she’riyatning boshlovchilaridandir. She’rlari tatar, boshqird va boshqalar turkiy xalklar orasida keng tarqalgan, “Boqirg’oniy kitobi” 19-20-asr boshlarida Qozonda 3 marta nashr etilgan. As: Boqirg’on kitobi, T., 1991.