BOSH AYLANISHI

BOSH AYLANISHI — muvozanat buzilib, atrofdagi narsalarning aylanayotgandek sezilishi. Sog’lom odam keskin harakat qilganida, masalan, o’rnidan sakrab turganida, balandda yurganida ham boshi aylanishi mumkin (fiziologik Bosh aylanishi). Ichki quloqdagi muvozanat saqlovchi a’zo (labirint), eshituv nervining muvozanat saqlovchi qismi (vestibulyar nerv), miya ustunidagi vestibulyar nerv hujayralari va tolalari hamda bosh miya yarim sharlari chakka qismining shikastlanishi Bosh aylanishiga sabab bo’ladi. Vestibulyar apparati o’ta ta’sirchan kishilarda Bosh aylanishi ko’proq kuzatiladi. Bunday kishilar bolalik vaqtidayoq transportda yurganida, arg’imchoq uchganida o’zini yomon his qiladi. Vestibulyar apparatining buzilishiga turli kasalliklar (miya shikastlanishlari, entsefalit, gipertoniya kasalligi, miya o’smasi va boshqalar) sabab bo’ladi. Shuningdek hayajonlanish, stress holati, homiladorlik, zaharlanish, o’rta va ichki quloq kasalliklari oqibatida ham Bosh aylanishi kuzatiladi. Bosh aylanganda bemor ko’ngli aynib qusadi, qulog’i shang’illaydi, yaxshi eshitmaydi, o’rnidan turganida aksari yiqilib tushadi, ba’zan qisqa muddat hushdan ketadi. Bosh aylanishi sababini aniqlab, davo qilinadi.