BOSH REJA

BOSH REJA, asosiy reja 1) me’morlikda shahar va boshqalarning kelajakdagi rivojini aks ettiruvchi ilmiy asoslangan loyiha. Aholi yashaydigan manzillar (shahar, qishloq, yo’ldosh shaharcha va boshqalar) da yangi binolar qurish, me’moriy obidalarni ta’mirlash, ko’kalamzorlashtirish, ko’cha, maydon, transport yo’llari, yer osti yo’llari, kanalizatsiya va boshqalarni vujudga keltirish kabilar aks etadi. Shahar qurilish ishlari (me’morlik, muhandislik, tibbiy, ijtimoiy taraqqiyot darajasi bilan qurish va loyihalash ishlari, aholi o’sish darajasini hisobga olish) va boshqa loyihalar Bosh rejaga bo’ysundiriladi. Unda shaharning ma’lum yillarda ko’zda tutilgan taraqqiyoti, qayta tiklash ishlari, qurilishlarning muddatlari mujassamlangan bo’ladi; 2) sanoat korxonasi Bosh rejasi korxona loyihasining asosiy qismlaridan biri bo’lib, tarkibiga ishlab chiqarish binolarini joylashishi, transport aloqalari, hududini obodonlashtirish va boshqa masalalarni rejalashtirishni uyg’unlikda hal qilish kiradi.