“BOSHGIDROMET”
“BOSHGIDROMET”, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi — O’rta Osiyodagi yirik boshqaruv va ilmiy tadqiqot markazi. 1992 yilda tashkil etilgan. Tarkibida atrof muhitning ifloslanish monitoringi, gidrometeorologax jarayonlarga harbiylashtirilgan ta’sir ko’rsatish boshqarmalari, Gidrometeorologiya markazi, texnika boshqarmasi, V.A.Bugayev nomidagi O’rta Osiyo Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti, “Gidrometasbob” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi, Toshkent gidrometeorologiya texnikumi, 400 dan ortiq gidro va meteorologiya kuzatish punktlari bor. “Boshgidromet” gidrologiya, glyatsiologiya, gidrometeorologik jarayonlarga faol ta’sir ko’rsatish, qishloq xo’jalik meteorologiyasi, sinoptik tadqiqotlar, iqlimshunoslik, stratosfera ozonini o’rganish, atrof muhitning ifloslanishini tadqiq etish sohalari bo’yicha yirik markaz hisoblanadi. “Boshgidromet” 1993 yildan Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) ga a’zo. “Boshgidromet” JMT va Jahon ob havo xizmatining dasturlarini bajaradi, BMT doirasida O’zbekiston Ressublikasi a’zo bo’lgan bir qator xalqaro dasturlar va konventsiyalarda qatnashadi.