BOSHLANG’ICH MATERIAL

BOSHLANG’ICH MATERIAL (selektsiyada) — yangi nav yaratishda foydalaniladigan yovvoyi va madaniy o’simlik shakllari. Boshlang’ich material sifatida tabiiy va duragay populyatsiyalardan, mutant va poliploid nusxalardan, o’zidan changlantirilgan liniyalardan foydalanish mumkin. Tabiiy populyatsiyalar — o’simliklarning yovvoyi shakllari, madaniy o’simliklarning mahalliy navlari, ekinning jahon kollektsiyasidagi namunalari ko’pincha kasallik va zarar-kunandalarga, suv tanqisligiga chidamli bo’ladi. Qishloq xo’jalik ekinlari selektsiyasida asosiy Boshlang’ich material duragay populyatsiyalardir. Ular bir tur miqyosida (tur ichida) yoki turlar o’rtasida (turlararo) har xil navlar va nusxalarni chatishtirish yo’li bilan hosil qilinadi. Duragayda turli belgilarni jamlash madaniy o’simliklarning qimmatli xususiyatlaridan foydalanish imkonini beradi. Hozirgi zamon selektsiyasida ko’pchilik ekin navlari duragay populyasiyalar asosida yaratilgan. O’simliklar (urug’)ga turli mutagen omillar (radiatsiya, kimyoviy moddalar, temperatura) ta’sir ettirib olinadigan o’zgargan nusxalar —mutantlar selektsiyada Boshlang’ich materialning yangi manbai hisoblanadi (masalan, g’o’zaning AN402 navi chigitga radioaktiv fosfor ta’sir ettirib olingan). Bir-biridan geografik uzoq ota-tona nusxalarini tanlash turli sharoitlarda o’ziga xos ekogenlarning shakllanishiga asoslangan. Ularning ahamiyati chatishtirish natijasida yaxshilash yoki hosil qilish mumkin bo’lgan qimmatli belgi va xususiyatlarning genetik farqlariga qarab belgilanadi. Kasalliklarga chidami turlicha bo’lgan otaona nusxalarini tanlashda kasallik qo’zg’atuvchisining irqiy tarkibi hisobga olinadi. Bunda irsiylanish tabiatini o’rganish, Boshlang’ich materialning kasalliklarga chidamliligi muhim ahamiyatga ega.