BOSHQARUV SHAKLI

BOSHQARUV SHAKLI — bu huquqiy institut bo’lib, davlat hokimiyatini tashkil etish tartibi. Oliy va mahalliy davlat organlarini tuzish usulini hamda ularning bir-biri va aholi bilan o’zaro munosabatlari tartibini o’z ichiga oladi. Boshqaruv shakllari hokimiyat bir shaxs tomonidan yoki saylab qo’yiladigan jamoaviy organ tomonidan amalga oshirilishiga qarab jiddiy farq qiladi. Birinchi holda boshqaruvning monarxik shakli, ikkinchi holda esa respublika shakli namoyon bo’ladi. Monarxik boshqaruv shaklida, amaldagi qonunlarga muvofiq, monarx, respublika boshqaruv shaklida esa saylab qo’yiladigan davlat organi davlat hokimiyatini boshqaradi. Monarxiyalar va respublikalarning har xil turlari mavjud. Ular davlatlarning tiplariga, shuningdek, ularning yuzaga kelishi va faoliyat ko’rsatishi shart-sharoitiga ko’p jihatdan bog’liq.