BOSHTUZI

BOSHTUZI — boshga taqiladigan ziynat buyumi, Xorazmdagina saqlanib qolgan taqinchoq. Kelinlar yakka holda peshonaga va juft holda chakkalariga taqqan. Boshtuzi shakli asosiga uchburchak joylashgan va uning asosidan yuqoriga tomon uchi dumaloq shaklda yakunlanuvchi o’qustun chiqarilgan, uchburchak burchaklaridan bo’rtma, o’qustundan yon tomonlariga 3 juft shoxchalar chiqarilgan, har bir bo’rtma va shoxchalarga, shuningdek uchburchak asosiga bargakli shokilalar osilgan. Uchburchak markaziga yirik va bo’rtmalarga kichik hajmli, atrofi Feruza ko’zlar halqasi bilan o’ralgan tekis doiraga esa rangli shisha ko’zlar o’rnatilgan. Tadrijiy rivojlanishida zardushtiylik ma’budasi Anaxita obrazi bilan ramziy ma’noga ega bo’lgan “Hayot daraxti” mavzulari uyg’unlashib ketgan yagona an’anaviy shakldagi taqinchoq.