BOTANIKA

BOTANIKA (Yunonch botanikos — o’simlikka tegishli, botane — o’simlik, o’t, giyoh) — o’simliklar to’g’risidagi fanlar majmui. Botanika yer yuzidagi o’simliklar dunyosini, o’simliklar organizmlarining yashash va rivojlanish qonuniyatlarini hamda ularning bu jarayondagi o’zaro aloqalarini, tashqi muhitga nisbatan munosabatlarini ilmiy jihatdan o’rganadi. Botanika bir-biri bilan o’zaro bog’langan o’simliklar sistematikasi, paleobotanika, geobotanika, morfologiya, anatomiya, tsitologiya, antekologiya, filogeniya, florogenetika, fiziologiya, ekologiya, o’simliklar xom ashyosi, biokimyo, o’simliklar geografiyasi, dendrologiya, palinologiya kabi tarmoqlarga bo’linadi. Botanika suvo’tlar, po’sinlar, qirqbo’g’imlar, qirqquloqlar, ochiq urug’li o’simliklar, yopiq urug’li o’simliklar, zamburug’lar va lishayniklar deb ataladigan bo’limlardan iborat. Botanika boshqa biologiya fanlari kabi kuzatish, tarixiy taqqoslash va tajriba usullaridan foydalanadi. Bu usullar kollektsiyalar yig’ish va tuzishdan, tabiatda va tajriba maydonlarida kuzatish va tajribalar o’tkazish, olingan ma’lumotlarni matematik usulda ishlab chiqishdan iborat. Botanika klassik Botanika metodlari bilan bir qatorda zamonaviy kimyo, fizika, kibernetika va boshqa fanlarning ilmiy tadqiqot metodlaridan ham foydalanadi. O’simliklar to’g’risidagi dastlabki ma’lumotlar qadimgi Sharq xalqlari qo’lyozmalarida uchraydi. Lekin ilmiy Botanikaga yunonlar asos solishgan. O’simliklarni tekshirishga bag’ishlangan eng qadimgi ma’lumotlar yunon faylasufi Aristotel ishlarida uchraydi. Aristotelning shogirdi Teofrast birinchi bo’lib o’simliklarning hayotiy shakllari tasnifini bergan, o’simliklarni daraxtlar, butalar, yarim butalar va o’tlarga ajratgan. Teofrast Botanikaning otasi hisoblanadi. O’rta asrda yashagan vatandoshlarimiz Beruniy va Ibn Sino asarlarida ham shifobaxsh o’simliklar to’g’risida ko’plab ma’lumotlar beriladi. Endilikda o’simliklar qoplamining biosferadagi ahamiyati, biosferaning eng muhim komponenti sifatida ularni muhofaza qilish, o’simliklar dunyosi genofondini saqlash, o’simlik boyliklaridan oqilona foydalanish muammolari birinchi o’ringa chiqdi. O’zbekistonda. Botanika sohasidagi dastlabki ilmiy tadqiqot ishlari 20-asrning 20-yillarida boshlangan. O’sha yillari O’rta Osiyo davlat universiteti, 40-yillar boshida esa O’zbekiston Fanlar Akademiyasi O’zbekiston o’simliklarini o’rganish bo’yicha bir necha ekspeditsiyalar uyushtiradi. Yig’ilgan o’simliklar kollektsiyasi O’zbekiston gerbariysini tuzish uchun asos bo’ldi. Hozir Fanlar Akademiyasi Botanika institutidagi Markaziy gerbariyda 1 milliondan ortiq o’simliklar namunasi va 10000 dan ziyod o’simlik turlari bor. Bu kollektsiyalar va tabiatda olib borilgan kuzatishlar O’rta Osiyo florasining genezisi va o’simliklar qoplamining rivojlanishi to’g’risida yirik nazariy va fundamental ishlarni amalga oshirishda asosiy baza bo’lib xizmat qildi. Xususan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika instituti tomonidan 1941-62 yillarda 6 jildli “O’zbekiston florasi” asari yaratildi. Unda 4274 o’simlik turlari, jumladan 390 endemik turlar to’g’risida ma’lumot berilgan. O’zbekiston botaniklari O’rta Osiyo respublikalari olimlari bilan hamkorlikda 8 mingdan ortiq turni o’z ichiga olgan 10 jildli “O’rta Osiyo o’simliklari aniqlagichi”ni tuzib chiqishdi. Zamburug’lar bo’yicha esa 10 jildli “O’zbekiston zamburug’lari” nomli asar yuzaga keldi. O’zbekistonning qazilma florasi bo’yicha Botanika instituti olimlari tomonidan bir qancha ilmiy tadqiqot ishlari olib boriddi. Tadqiqot natijasida 3 jildli “O’zbekiston paleobotanikasi” paydo bo’ldi. Cho’l, yarimcho’l, tog’oldi o’tloqlarining hosildorligini oshirishning fitomeliorativ va agrotexnikaviy metodlari asoslab berildi va amaliy foydalanishga taqdim etildi. O’zbekiston florasi va o’simliklar qoplami bo’yicha ilmiy tadqiqotning natijalari M. G. Popov (1927), E. P. Korovin (196162), I. I. Granitov (196467), Q. Z. Zokirov (1955-61) ishlarida keng yoritiddi. 1965 yilga kelib O’zbekiston o’simliklarining yirik masshtabli geobotanik xaritasi tuzildi. Botanika institutida olib borilgan geobotanikaga oid materiallar asosida 4 jilddan iborat “O’zbekistonning o’simliklar qoplami va ulardan oqilona foydalanish” asari nashr qilindi. Botanika institutida dorivor va efir moyli yem-xashak hamda oziq-ovqat sifatida ishlatiladigan o’simliklarni aniqlash va ulardan foydalanish sohasida ham bir qancha ilmiy tadqiqot ishlari bajarildi. J. K. Saidov rahbarligida o’simliklarning cho’l sharoitiga moslashuv xususiyatlari ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. Noyob va yo’qolib borayotgan turlarni muhofaza qilish sohasida olib borilgan ishlar asosida 1984 yilda 163 o’simlik turini o’z ichiga olgan “O’zbekiston Qizil kitobi” yaratildi. O’simliklar morfologiyasi, anatomiyasi, ekologiyasi va fiziologiyasi sohasida cho’l o’simliklarining qurg’oqchilikka moslanishining o’ziga xos morfologik xususiyatlariga oid ko’p ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi va yirik monografiya hamda to’plamlar nashr etildi. Suv o’tlarini o’rganish ishlari akademik A. M. Muzaffarov rahbarligida olib borildi. Suv o’tlarini jadal ko’paytirish, ulardan chorvachiliqda va xalq xo’jaligining boshqa sohalarida foydalanish usullari ishlab chiqildi va O’rta Osiyo hamda O’zbekistonning algoflorasiga oid qator asarlar chop etildi. Kelgusida botanika sohasida olib boriladigan ishlar ekologiya, tabiat muhofazasi, o’simlik xom ashyolaridan oqilona foydalanish, Respublikada uchraydigan zambo’rug’, tuban va yuksak o’simliklar turlarini aniqlash, ular orasidan muhofazaga molik turlarni ajratish, o’simliklar qoplamining hozirgi holatini aniqpash, eroziyaga uchragan erlarning katta hajmdagi xaritalarini tuzish va o’simliklarning qayta tiklanishi bilan bog’liq muammolarni ishlab chiqish, o’simliklarning ayniqsa cho’l sharoitida usishga moslanish qonuniyatlarini, Orol dengizining suvi qurib qolgan joylarda tuzga, issiqlikka va qurg’oqchilikka chidaydigan o’simliklarni topib o’stirish hamda turli darajada ifloslangan oqova suvlarni biologik (botanik) usulda tozalash hamda eng foydali (dorivor, yem-xashak va boshqalar) o’simliklar biologiyasini o’rganib, ularni ekma o’simliklar qatoriga kiritish kabi masalalarga qaratiladi.