BOTINIYLAR

BOTINIYLAR (Arabcha botin ichkari, yashirin, sirli) — islomdagi mafkuraviy oqimlardan birining tarafdorlari. 8-asrda vujudga kelgan. Bu oqim tarafdorlari Qur’on oyatlari va hadislarni zohiriy va lug’aviy talqin etishga qarshi chiqqan. Ularning iddaolaricha, oyat va hadislarning zohiriy ma’nolarini emas, balki zimnidagi yashirin mazmunlarini olish zarur emish. Bu aqida bilan ular Islom shariatiga qarshi chiqqan bo’ldilar. Zero shariat hukmi bo’yicha oyat, hadis va boshqa barcha manbalarning iboralari, u qaysi tilda bo’lmasin, zohiriy, lug’aviy va istilohiy ma’nolariga asoslangan holda talqin etiladi. Ba’zi fasohat, kinoya, tanbeh, istiora, ishora kabi so’z o’yinlari, “Mutashobih” oyatlar va tasavvufiy talqinlar bundan mustasnodir. Islomning “Ahli sunna va jamoa” aqidasiga binoan, Botiniylar shariatga xilof e’tiqodda bo’lganliklari uchun dinsizlar qatorida sanalgan.