BOTQOQ BALCHIQCHILAR

BOTQOQ BALCHIQCHILAR (Sitova) — balchiqchilar turkumining chuldoqlar oilasiga mansub qushlar urug’i. 4 ta turi mavjud. Shimoliy yarim sharda tarqalgan. O’zbekistonda katta Botqoq balchiqlar (L. limosa) va kichik Botqoq balchiqlar (L. lapponica) deb ataladigan turlari qushlarning bahorgi va kuzgi uchib o’tishi davrida uchraydi, lekin ularning soni ko’p emas. Botqoq balchiqlar suvga yaqin joylarda yashaydi, uyasini esa ko’l va daryolar qirg’og’iga, o’tloq, nam yerlar va botqoqliklarga quradi. Katta Botqoq balchiqlar qanotining uzunligi 19-24 santimetr, og’irligi 235-270 gramm, juftlashish davrida boshi, bo’yni va tanasining ko’krak qismi malla rangda bo’ladi. Qush uchayotganida uning qanotidagi oq yo’lyo’l chiziq ko’zga yaqqol tashlanadi. Nari va modasi navbat bilan tuxum bosadi. Baqalar va boshqa suv yaqinida yashovchi mayda hayvonlar bilan oziqlanadi, ba’zida o’simliklar urug’ini ham iste’mol qiladi. Botqoq balchiqlar ovlanadi.