BOTQOQLIK

BOTQOQLIK — yerning doimo yoki uzoq vakt nam, zax bo’lib yotadigan joyi. Botqoqlikda torf qalin (0,2—0,3 metr) bo’ladi, o’simliklarning ildizlari torf ostidagi gruntga yetib bormaydi. Torf qatlami yupqa bo’lsa, botqoqlashgan erlar deb ataladi. Botqoqlik xalq xo’jaligida katta ahamiyatga ega. Botqoqlik quritilgandan so’ng torf asosan o’g’it, yoqilg’i va mol tagiga to’shama sifatida ishlatiladi, undan kimyoviy mahsulotlar olinadi, qurilishda foydalaniladigan plitalar ishlab chiqariladi. Botqoqlik ko’pincha o’rmoni kesilib yoki kuyib ketgan joylarda va o’tloqlarni uzoq muddat suv bosishi, shuningdek sayoz suv havzalarini ut qoplashi natijasida hosil bo’ladi. O’simliklar tarkibi va o’simliklarning oziqlanish tartibiga ko’ra Botqoqliklar 3 xil bo’ladi: pastqam Botqoqlik, do’ng Botqoqlik va oraliq Botqoqlik. Pastqam Botqoqlik uchun evtrof o’simliklar xarakterli. Ular mineral tuzlarga boy grunt suvlari ko’p bo’lgan daryo qayirlarida, vodiylarda, eski ko’llar o’rnida va suvayirg’ichlarning pastqam joylarida uchraydi. Bunday Botqoqliklarda asosan, qiyoq, qamish, ro’vak, qirqbo’g’imlar; daraxtlardan olxa (qandag’och) va qayin o’sadi. Pastqam Botqoqlikda suv kalamushlari, dala sichqonlari, qunduz, balchiqchi, botqoq tovug’i, o’rdak, g’oz yashaydi, qobon, qamishzor mushugi, qizil g’oz, saqoqushlar uchraydi. Do’ng Botqoqlik uchun oligotrof o’simliklar xarakterli bo’lib, ular suvayirg’ichlarda yoki daryolarning baland terrasalarida uchraydi va yog’indan tashqari mineral tuzlari kam grunt suvlaridan to’yinadi. O’simliklari kam. Do’ng Botqoqliklar o’rmonli va o’rmonsiz bo’ladi. Oraliq Botqoqlik oraliq holatni egallaydi va yog’indan hamda o’rtacha minerallashgan grunt suvlaridan tuyinadi. Oraliq Botqoqlik uchun mezotrof o’simliklar xos. Qayin, qarag’ay, bardidoshlar, sfagn yo’sinlari o’sadi. Botqoqliklarning ko’p qismi shimol yarim sharda bo’lib, qariyb 350 million gektar. Turkiston o’lkasida Botqoqliklar yirik daryolar (Amudaryo, Sirdaryo, Chu va ili daryolari) vodiysida, yoyilmalarning tevarak atroflarida va pastqam joylarda uchraydi. Torf qatlami juda yupqa yoki butunlay yo’q, o’simliklardan qo’g’a va qamish o’sadi. Sharqiy Pomirda, Oqsuv, Muzqo’l daryolari vodiylarida, Zo’rko’l, Qorako’l va boshqa ko’llar atrofida ham Botqoqlik ko’p.