BOYARLAR

BOYARLAR (turkiycha-bajar —amaldor, boy yer, janob) — 1) 9-17-asrlarda Rus davlatida mulkdorlarning oliy tabaqasi. Kiev davlatida — urug’qabila zodagonlari avlodi, katta drujinachilar — vassallar va Knyaz dumasi a’zolari, yirik yer egalari. Ularning o’z vassallari bo’lib, shaxsiy daxlsizlik (immunitet) imtiyoziga hamda boshqa knyazlar huzuriga ketish huquqiga ega bo’lganlar. Hududiy tarqoqlik davrida — eng badavlat va obro’li mulkdorlar, Knyaz hokimiyatining muxoliflari. Novgorod Respublikasida Boyarlar amalda davlatni boshqarganlar. 14-asrdan ularning huquqlari knyazlar tomonidan asta-sekin cheklab qo’yila boshlangan. Ulug’ knyazlar saroyida alohida bo’limlarni, davlat hududlarini boshqarganlar. 15-asrdan rus davlatida — davlat xizmatidagi oliy mansabdor shaxslar, Boyarlar dumasining eng katta amaldorlari, bosh ma’muriy, sud va harbiy lavozimlarni egallaganlar, Markaziy va mahalliy boshqaruv organlari (prikazlar)ga boshchilik qilganlar, voevoda bo’lganlar. Aristokratlar tarkibiga kirganlar. Boyarlar dumasi 18-asr boshida Pyotr I tomonidan tugatilishi va dvoryanlikni joriy etilishi munosabati bilan boyar unvoni bekor qilingan. 2) Ruminiyada 13-14-asrlarda vujudga kelgan mulkdor tabaqa. 1945 yil agrar islohot natijasida tugatilgan.