BOYAZID I YILDIRIM

BOYAZID I YILDIRIM (1359-1403) Usmonlilar sulolasita mansub Turkiya sultoni (1389-1402), Sulton Murodxon I (1359-89) ning to’ng’ich o’g’li, Sulton O’rxon (1326-59) ning nabirasi. Otasi Kosovo jangida halok bo’lgach, 30 yoshida taxtga o’tirgan. Boyazid ota-bobolari siyosatini davom ettirib, tez orada Dunay bo’yi davlatlarini o’ziga bo’ysundirdi. So’ng, Vizantiya imperatori Ioann bilan uning o’g’li Andronik o’rtasidagi ixtilofdan foydalanib, Andronikka harbiy yordam ko’rsatdida, uni Vizantiya taxtiga o’tqazdi, Ioanni esa zindonga tashladi. Ammo, ikki yildan so’ng (1394) Andronikni taxtdan tushirib, Ioanni yana taxtiga o’tqazib qo’ydi. Shunday qilib, Boyazid Vizantiyani butunlay o’ziga qaram qilib oldi. Keyin, Boyazid 1395-96 yillarda Bolgariya, Makedoniya, Fessaliyani fath etdi, Gretsiyaga bostirib kirib Argos shahrini butunlay vayron qildi, Bolqon arxipelagidagi orollarga chopqun qilib, Moreya va Vengriyaga tahdid sola boshladi. Shunda Bogemiya va Vengriya qiroli Sigizmund I (1368-1437) turli mamlakatlardan katta qo’shin to’plab Boyazidga qarshi yurish qildi, ammo 1396 yil 28 sentabrda Nikopol shahri yonida (Dunay bo’yida)gi jangda tormor keltirildi. Jangdan so’ng, Boyazid asir olingan 3 ming kishini qatl ettirdi. Boyazid bu yirik g’alaba tufayli Bosniya, Vengriyani ham qo’lga kiritib, Bolqon yarim orolida o’z mavqeini mustahkamlab oldi. Biroq, ketma-ket qozongan g’alabalaridan kibrlanib ketgan Boyazid Anqara jangiga Amir Temur tomonidan butunlay tor-mor etilib, o’zi asir olindi va ko’p o’tmay vafot etdi.