BO’YOQLAR

BO’YOQLAR — maydalangan mineral yoki organik pigmentlarning alifmoy, lok va boshqa bog’lovchilardagi suspenziyalari. Bo’yaluvchi buyumlarni yemirilishdan (yog’ochni chirishdan, metallni zanglashdan) saqlaydi, shuningdek ularga ko’rkam, chiroyli tus beradi. Bo’yoqlarning o’ziga xos xususiyati shuki, pigmentlar bog’lovchilarda erimaydi va quriganda buyum sirtida yupqa parda hosil qiladi. Bo’yoqlarning moyli va lokli (emalli) xillari bor. Moyli Bo’yoqlarda alifmoy parda hosil qiluvchi modda bo’lib xizmat qiladi. Moyli Bo’yoqlar alifmoyda tayyorlanadi. Sanoatda quyuq pasta holida ishlab chiqariladi. Moyli Bo’yoqlar suvga va ishqor ta’siriga unchalik chidamli emas. Asosan qurilishda va temir yo’l transportida ishlatiladi. Emalli Bo’yoqlarda sintetik smolalar yoki organik eritma (lok)lar holatidagi tsellyuloza efirlari parda hosil qiluvchi moddalar rolini bajaradi. Emalli Bo’yoqlar qo’llaniluvchi lokka qarab moyli, alkid, fenolmoy va fenolalkid, epoksid, epoksiefir, poliuretan, mochevinaformaldegid, melaminformaldegid, perxlorvinil, kremniyorganik, bitumli, polivinilasetatli va boshqalarga ajratiladi. Benzin, kerosin, issiq suv muhitida ishlatiluvchi metall buyumlarni, yog’och, beton, qog’oz, asbob va boshqa mashinalarni korroziyadan saqlash hamda elektroizolyatsiya maqsadlarida qo’llaniladi. Badiiy Bo’yoqlar akvarel, guash, temper moyli Bo’yoqlardan iborat bo’lib, ularda nur ta’siriga chidamli pigmentlar bor. Qog’oz, karton, gazmol va yogoch buyumlarni bo’yash uchun ishlatiladi. Dekorativ Bo’yoqlar asboblar va apparatlarning detallarini bo’yashga ketadi. Nurlanuvchi Bo’yoqlarda lyuminessentsiyalanish xususiyati bor (sovuq nurlanish). Shu maqsadda loklar tarkibiga lyuminofor (nurlanadigan) moddalar qo’shiladi. Soat va asboblarda raqam va belgilarni yozish uchun kerak. Termosezgir Bo’yoqlar— bo’yalgan modda yuzasida temperaturani nazorat qilish uchun qalam shaklida ishlatiladi.