Bozuband, Bozband, Bozvand

Bozuband, Bozband, Bozvand (forscha)-ziynat buyumi, ayollar taqinchog’i. Bo’yin yoki qo’ltiqqa osib yuriladi. Shakli: ikki uchi qubba bilan yakunlangan naychasimon yoki bir-biriga tegib ketmasligi uchun ingizchka jiyak bilan birlashtiriladigan ikkita (biri quti, ikkinchisi qopqoq) to’rtburchak yoki uchburchak yupqa oltin yo kumush plastinkadan yasalgan quticha; ikki cheti (uchburchak bo’lsa, ustki burchi)ga zanjir (2-5 qator), pastiga kalta sim panjara bezak yoki shokilalar o’rnatiladi; suqma-mix bo’lakcha yordamida ochib yopiladi. Toshkent, Andijon, Qo’qon, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi yirik shaharlarda tayyorlangan, chet mamlakatlarga ham chiqarilgan. U tumor deb ham yuritiladi. XX asrda urfdan qolgan.