BRAMS (BRAHMS) IOGANNES
BRAMS (BRAHMS) IOGANNES (1833.7.5, Gamburg — 1897.3.4, Vena) — nemis kompozitori, pianinochi va dirijyor, musiqiy romantizmning yorqin vakili. Brams turli tarkibdagi ijrochilarga mo’ljallangan jami 400 ga yaqin vokal (qo’shiq, romans, duet, xor va boshqa) asarlar yaratdi. Bular orasida Hofiz Sheroziy she’rlariga yozilgan “To’qqizta qo’shiq va sadolar” hamda “Beshta qo’shiq” (ovoz va fortepiano uchun, 1863, 1864-68) Bramsning eng yorqin Oriental (umumsharqiy) asarlaridir. Shuningdek, mashhur “Vengercha raqslar” (jami 21 ta, 1880), qayta ishlangan Venger, lo’li va boshqa xalqlar qo’shiqlarida ham sharqona uslub xususiyatlari seziladi. Bramsning “nemischa Rekviem”i (1868), 4 ta simfoniyasi (1874-85), fortepiano va orkestr (2 ta), skripka va orkestr, skripka, violonchel va orkestr uchun kontsertlari, fortepiano uchun 3 ta sonatasi, intermessolari va boshqa asarlari Yevropa romantik musiqasi durdonalari qatoridan o’rin olgan. Bramsning simfoniyalari, kamercholgu va vokal asarlari O’zbekistonda ham ijro etib kelinadi.