BRASS
BRASS (Fransuzcha brasse, bras — qo’l so’zidan) — ko’krakda suzish usuli. Bunda qo’l va oyoq bir vaqtning o’zida (qo’l suvdan chiqmagan holda) gorizontal tekislikda harakat qiladi. Oyoq harakati suzayotgan baqaning harakatlariga o’xshab ketadi. Brass eng qadimgi suzish usuli bo’lib, u 16-asr 1-yarmidan ma’lum. 1904 yildan erkaklar, 1924 yildan ayollar o’rtasida Olimpiada musobaqalari dasturiga kiritilgan. Brass usulida suzish bo’yicha o’zbekistonlik Svetlana Babanina jahon rekordchisi bo’lgan. Shuningdek xalqaro sport ustalari Larisa Belakon, Leonid Kolesnikov, Temur Podmarev ham O’zbekistonning mashhur Brasschi suzuvchilaridir. Bolalar umurtqasi qiyshayganda, ularda bukirsimonlik sezilganda Brass usulida suzish bilan shug’ullanish yordam beradi.