BRATISLAVA
BRATISLAVA — Slovakiya Respublikasining poytaxti, Avstriya va Vengriya chegarasiga yaqin joyda. Mamlakatning yirik iqtisodiy va madaniy markazi. Aholisi 452 ming kishi (1997). Bratislava 10-asr boshlarida Buyuk Moraviya knyazligidagi qal’a sifatida tilga olinadi. Bu knyazlikni vengerlar tor mor etgach (907), Bratislava Pojon nomi bilan Vengriyaga qo’shildi. O’rta asrlarda esa nemislar qo’liga o’tib, Presburg deb nomlangan. 1536 yilda Gabsburglarning Vengriyadagi markaziga aylandi. 1541— 1784 yillarda Bratislava Vengriya qirolligi poytaxti, 18-asr oxiridan Slovakiya milliy ozodlik harakatlari markazi bo’lgan. 1918 yilda Chexoslovakiya tashkil topgandan so’ng, Slovakiya Respublikasining, 1992 yildan mustaqil Slovakiya Respublikasi poytaxti. Bratislava transport yo’llari tuguni. Dunay bo’yidagi yirik portlardan. Aniq mashinasozlik va stanoksozlik, elektrotexnika, yog’ochsozlik, to’qimachilik, oziq-ovqat, poligrafiya, qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoati rivojlangan. Kimyo va neft kimyosi sanoati markazi. Slovakiya Fanlar Akademiyasi (1953), Slovakiya muzeyi, universitet, politexnika instituti, iqtisod, badiiy va teatr institutlari bor. Me’moriy yodgorliklardan gotika uslubidagi sobor (1221), Mixaylov darvozasi (14-18-asrlar) va boshqa saqlangan.