BRAZILIYA YASSI TOG’LIGI
BRAZILIYA YASSI TOG’LIGI — Janubiy Amerikaning Sharqiy qismidagi tog’lik, 3° dan 35° gacha janubiy kengliklar oralig’ida. Asosan Braziliyada, qisman Urugvay, Paragvay va Argentinada joylashgan. Ko’p qismining usti tekis bo’lib, balandligi 200-900 metr. Sharqiy va Janubiy Sharqiy yon bag’irlari Atlantika okeani sohilidan tik ko’tarilgan (Bandeyra tog’i, 2890 metr). Shimolda Amazonka, shimoli g’arbda va Janubda LaPlata pasttekisliklariga qiyalanib tushadi. Arxey va proterozoyning kristalli va metamorfik jinslaridan tuzilgan bo’lib, fundament tekisliklari ko’rinishida chiqib qolgan. Foydali qazilmalardan temir va marganes rudalari, boksit, oltin, olmos, tog’ billuri, toriy, uran va boshqalar uchraydi. Iqlimi katta qismida subekvatorial va tropik, Janubda subtropik. Janubi g’arbdan shimoli sharqqa yanvarning o’rtacha temperaturasi 22° dan 29° gacha, iyulniki 12° dan 25° gacha ortib boradi. Bir yilda 1400-2000 millimetr yog’in yog’adi. Daryo ko’p. Eng yiriklari: Araguaya, SanFransisku, Parnaiba. Ular serostona, sharsharali. Gidroenergiya resurslariga boy. Shimoli g’arbi va Sharqi nam tropik o’rmonlar, markazi butazor savanna. Janubi sharqi subtropik o’rmonlar va savannalar bilan qoplangan. Kofe, kakao, kokos palmasi o’stiriladi, paxta, shakarqamish, banan, maniok va boshqalar yetishtiriladi. Braziliya yassi tog’ligida Iguasu milliy parki bor.