“BRITANIYA ENTSIKLOPEDIYASI”

“BRITANIYA ENTSIKLOPEDIYASI” (“Britannika”) (Encyclopaedia Britannisa) -1) universal entsiklopediya. Dastlab 1768 yildan Edinburg (Buyuk Britaniya) da chiqa boshlagan, keyinchalik Londonda nashr etilgan. 20-asr boshlaridan amalda Britaniya-Amerika nashri. 1940 yildan boshlab Amerika nashriyot firmasi — “Britaniya entsiklopediyasi” tomonidan nashr etiladi. 1974 yilda yangi 30 jilddan iborat 15 nashri chiqdi, har yili muhim tuzatish va to’ldirishlar bilan nashr qilib turiladi. “Britaniya entsiklopediyasi”ga 1938 yildan yillik ilova, shuningdek fan, tibbiyotga oid yillik nashrlar ham chiqariladi; 2) 20-asr 40-yillaridan Chikagodagi Amerika nashriyot firmasi. London, Toronto, Jeneva, Tokio, Sidney va boshqa shaharlarda bo’linmalari bor. “Britaniya entsiklopediyasi”, shuningdek soha entsiklopediyalari, lug’atlar, bolalar hamda o’smirlar uchun entsiklopediyalar, jumladan “Kompton” (“Compton”) entsiklopediyasi, badiiy adabiyot va boshqa nashr etadi.