BRNO

BRNO — Chexiyadagi shahar, Janubiy Moraviya viloyatining ma’muriy markazi. Aholisi 398 ming kishidan ziyod (1990 yillar o’rtalari). Transport yo’llari tuguni. Brnoda, asosan, mashinasozlik sanoati rivojlangan. Brno Chexiyaning yirik ilmiy va madaniy markazlaridan. Chexiya Fanlar Akademiyasi filiali, universitet, muzeylar (san’at, Moraviya muzeyi) va boshqalar bor. Shaharda me’moriy yodgorliklardan Shpilberk qasri (13— 18-asrlar), gotika cherkovi, eski ratusha (14-16-asrlar), Yangi ratusha (16— 18-asrlar) saqlangan. O’rmon parklari ko’p. 1805 yilda Brno yonida Frantsiya armiyasi bilan Rossiya va Avstriya qo’shinlari o’rtasida katta jang bo’lgan. Shaharga 11-asrda asos solingan.