BRODSKIY IOSIF ALEKSANDROVICH

BRODSKIY IOSIF ALEKSANDROVICH (1940.24.5, Leningrad — 1996)— rus shoiri. Ijodiy faoliyati 60-yillarda boshlangan. 1962—64 yillarda turli ayblar bilan qamalgan va surgun qilingan. Ammo A. Axmatova, S. Marshak, D. Shostakovich singari mashhur kishilarning sa’y-harakati bilan 1965 yil surgundan ozod etilgan. Siyosiy tuzumga nomaqbul shaxs sifatida 1972 yilda Sovet davlati hududlaridan chiqarib yuborilgan; 1974 yildan AQShda yashagan. “Sahrodagi bekat” (1967), “Ko’rkam davr intihosi” (1972), “Uraniya” (1987), “O’git” (1990) va boshqa she’riy to’plamlari xorijda nashr etilgan. Bu to’plamlarda yolg’izlangan kishi bilan bir kam dunyo o’rtasidagi ziddiyatlar kinoyaviy ko’tarinki uslubda aks ettirilgan. Brodskiy she’riyatidagi voqelikni o’ziga xos benazir tarzda idrok va tasvir etish, antik davr she’riyatidagi badiiy shakllardan samarali foydalanish — shoir novatorligining mohiyatini tashkil etadi. Brodskiyning ingliz va qisman rus tillarida e’lon qilgan she’r, pyesa va publitsistik maqolalari G’arb adabiyoti hodisasi sifatida maydonga kelgan. Nobel mukofoti laureati (1987).