BRUNEY

BRUNEY, Bruneydorussalom (Brunei Darussalam) — Janubiy Sharqiy Osiyodagi davlat. Kalimantan orolining shimolida joylashgan. Maydoni 5,8 ming kilometr kvadrat, aholisi 300 ming kishi (1996). Poytaxti —Bandarseribegavan shahri. Ma’muriy jihatdan 4 okrugga bo’linadi. Davlat tuzumi. Bruney — konstitutsiyali monarxiya (sultonlik). Hamdo’stlik tarkibiga kiradi. Amaldagi Konstitutsiya 1959 yil 29 sentabrda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — Sulton. Mamlakatdagi qonun chiqaruvchi hokimiyat to’la-to’kis uning qo’lida. Sulton Bruney musulmonlarining liniy boshlig’i ham hisoblanadi. Sulton huzurida bir necha maslahat organlari bor. 1962 yildan buyon amal qilayotgan favqulodda holat sababli mamlakatni boshqarish faqat Sulton dekretlariga muvofiq amalga oshiriladi. Ijroiya hokimiyat ham sultonga va hukumatga qarashli. Sulton ayni vaqtda bosh vazir hamdir. Tabiati. Bruney hududining ko’p qismi tekislikdan iborat bo’lib, Janubda uning balandligi 300 metrgacha boradi. Bruneyning eng baland nuqtasi 1841 metr bo’lib, u mamlakat sharqidagi Bukit pagon tog’idir. Iqlimi — ekvatorial. Butun yil davomida havo temperaturasi 26° atrofida. Yiliga 2000-4000 millimetr yog’in yog’adi. Hududining 75% dan ko’prog’i doimiy yashil tropik o’rmonlar bilan qoplangan, xilma-xil daraxtlar o’sadi. Hududining 20% botqoqlik va butazorlardan iborat. Daryolari: Temburon, Belayt, Tutong va Bruney. Aholisi asosan malayyalar (66,5%), shuningdek indonez tillarida so’zlashuvchi kedayan, dusun, melanav, iban kabi mahalliy guruhlardan, xitoylar, hindlardan iborat. Bir necha ming ingliz ham yashaydi. Aholining yarmidan ko’prog’i — musulmonlar. Shaharlarda aholining 90% yashaydi. Rasmiy tili — Malayya va ingliz tili. Tarixi. Bruney 14-asrda, chamasi, hozirgi Indoneziyada hukm surgan Majapaxit imperiyasiga tobe bo’lgan. 15-asrda Bruney ho’kmdori Alakbertata ismli shaxs Muhammad nomini olib, Bruneyning birinchi sultoni bo’ldi. 16-asrning 1-yarmida sultonlik g’oyat ravnaq topdi, Kalimantanning butun shim. sohili va bir qancha qo’shni orollarni bo’ysundirdi. 1580 yilda Bruneyni ispan mustamlakachilari bosib oldi. Garchi ular haydab chiqarilgan bo’lsa ham, Bruney qudratiga putur yetgan va u faqat shimoliy Kalimantannigina saqlab qolgan edi. 19-asr boshlarida Bruney qaroqchilarning eng yirik markazlaridan va qul savdosi bozorlaridan biri bo’lib qoldi. Biroq Angliya bora-bora Bruneyni o’ziga qaram qilib oldi. 1888 yil Bruney Angliya protektoratiga aylandi. 1906 yilda neft konlari ochilishi munosabati bilan ingliz noibi tayinlandi. 1941-45 yillarda Bruney Yaponiya tomonidan bosib olindi. 1948-59 yillarda uni ingliz gubernatori idora qildi. 1984 yil 1 yanvarda Bruney mustaqillikka erishdi. Bruney 1984 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlari 1996 yil 23 iyunda o’rnatilgan. Milliy bayrami — 23 Fevral — Milliy kun (1984). Xo’jaligi. Asosiy tarmoqlari — neft qazib olish (yiliga 10 million tonnadan ortiq) va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish (yiliga 12 milliard metr kub), kauchuk yetishtirish va o’rmonchilik. Yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushi 41,6%, qishloq xo’jalik ulushi 2,1%. Gaz suyultirish zavodi, taxtatilish, yog’ochsozlik, neftni qayta ishlash korxonalari bor. Hunarmandchilik (to’quvchilik, yog’och va kumushdan buyumlar, yog’och kemalar yasash va hokazolar) rivojlangan. Asosiy ekini sholi; kauchukli o’simliklar, palma daraxtlari o’stiriladi. Qo’tos, echki, cho’chqa boqiladi; ovchilik, baliqchilik bilan shug’ullaniladi. Transportning asosiy turi — kema qatnovi. Avtomobil yo’llarining uzunligi — 2200 kilometr, temir yo’l uzunligi — 19 kilometr. Asosiy dengiz porti — Bandarseribegavan va Muara. Chetga neft va neft mahsulotlari, kauchuk, suyultirilgan tabiiy gaz, yog’och sotadi. Chetdan sanoat va oziq-ovqat mahsulotlari, mashinalar, asbob uskunalar va boshqalar oladi. Savdo-sotiq sohasidagi mijozlari: Janubiy Koreya, Malayziya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Singapur va boshqalar. Pul birligi — Bruney dollari. Tibbiy xizmat va maorif ishlari mustaqillikdan keyin rivojlana boshladi. Bruneydagi 967 o’rinli 10 gospital, 5 dispanserda 197 shifokor va 27 tibbiy hamshira xizmat ko’rsatadi. Mamlakatda Malayya, ingliz va Xitoy tilida o’qitiladigan maktablar bor. Diniy maktablar ham mavjud. Maktablarda ta’lim bepul, 5 yoshdan 16 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun majburiy. Boshlang’ich maktablarda o’qish 6 yil, o’rta maktablarda 7 yil. 1994 yil Bruneyda 151 bolalar bog’chasi (11698 tarbiyalanuvchi), 47 maktab (69242 o’quvchi), 2 institut (320 talaba) va 1 universitet (1138 talaba) bor edi. Bruney milliy Birlashgan partiyasi (1986 yilda tuzilgan) mavjud. Bruneyda yagona kasaba uyushma birlashmasi yo’q. Faqat tarmoq kasaba uyushmalari ish olib boradi. Matbuoti. Bruneydagi asosiy gazeta va jurnallar: “Pelita Bruney” (“Bruneyningbesh yillik rejasi”, Malayya tilida chiqadigan haftalik gazeta, 1956 yilda asos solingan), “Salom” (Malayya va ingliz tilida 2 haftada 1 marta chiqadigan gazeta, 1953 yilda tashkil etilgan), “Borneo Bulletin” (“Borneo byulleteni”, ingliz tilida chiqadigan haftalik byulleten, 1953 yilda asos solingan), “Bruneydorussalom Nyus Letter” (“Bruneydorussalom axborot byulleteni”, ingliz tilida chiqadigan jurnal). Bruney davlat radio va teleko’rsatuvi 1957 yilda tashkil etilgan.