BRYULLOV KARL PAVLOVICH

BRYULLOV KARL PAVLOVICH [1799. 12 (23). 12, Peterburg 1852.11(23).6, Marchano, Rim yaqinida] — rus rassomi. Peterburg Badiiy akademiyasida ta’lim olgan (1809-21). 1823-35 yillar va 1850 yildan Italiyada yashagan. 1836 yildan Peterburg Badiiy akademiyasida professor. Bryullov rus rang-tasviridagi klassisizm oqimiga romantizm va hayotdan zavqlanish kayfiyatini olib kirdi. Asarlari insonning go’zal, nafis his-tuyg’ularini kuylashi (“Virsaviya”, 1812), obrazlarining dramatik qudrati (“Pompeyning so’nggi kuni”, 1830— 33), realistik an’analar, nozik psixologizmi (M. Lanchi portreti, 1851; avtoportret, 1848) bilan ajralib turadi. Bryullovning mujassamot tuzish va bezash mahorati ayniqsa hashamdor portretlarda to’la namoyon bo’lgan. “Chavandoz ayol” (1832), “N. V. Kukolnik” (1836), “I. A. Krilov” (1839) va boshqa asarlari rus realistik portretining katta yutug’i bo’ldi. Bryullov akvarel va rasm ustasi hamdir (italiyaliklar maishiy hayotidan lavhalar, Gretsiya va Turkiya safarlari chog’idagi manzara va chizgilari, 1835).