BUDDA SAN’ATI

BUDDA SAN’ATI — qadimda va o’rta asrlarda buddizm tarqalgan mamlakatlarda ushbu din ta’sirida va uning g’oyalarini targ’ib qilish jarayonida vujudga kelgan san’at. Budda san’ati dastlab Hindistonda paydo bo’lgan, keyinchalik Shri Lanka (Tseylon), Indoneziya, Myanma (Birma), Tailand, Yaponiya, Xitoy, Kamboja (Kampuchiya), Koreya va boshqa mamlakatlarning afsona va marosimlarida turlicha talqin etilgan. Ilk buddizm davri Budda san’atida Budda o’rniga qadimgi hindlarning osmon jismlari bilan bog’liq tasavvurlariga asoslangan turli ramzlar (g’ildirak, sher, muqaddas daraxt kabilar) tasvirlangan. Buddani inson qiyofasida tasvirlash milod boshlarida Gandxara va Matxuri san’atidagina paydo bo’ldi, keyinchalik ko’p mamlakatlarda haykaltaroshlik va rassomlik san’atida uning turli qiyofalari yaratildi. Budda san’atida asosiy shaxs Budda — din asoschisi Shahzoda Siddhartha Gautama bo’lib, u san’at asarlarida asosan uch holatda tasvirlanadi: tik turgan Budda — Voiz; chordona qurib o’tirgan Budda — fikrxayolga chumgan mutafakkir; yotgan Budda — yorug’ dunyodan ko’z yumgan Budda. Hindistonda budda bilan bog’liq san’atning qadimgi yodgorliklari yuzaga kelgan, ramzlar va obrazlar doirasi, budda inshootlari — me’morlik, haykaltaroshlik, rangtasvirning o’ziga xos uyg’unligini yaratgan gor ibodatxonalari, Budda hayotiga oid afsonaviy voqealar sharafiga qurilgan va muqaddas yodgorliklarni saqlagan stupalar; g’or ibodatxonalari va stupalarga uxshash yodgorliklar (pagoda, dagoba, suburgan va boshqalar) boshqa mamlakatlarda keng tarqalgan. Xitoy, Yaponiya, Koreyada turli xil yog’och ibodatxonalar tipi yaratildi, buddizm mazmunidagi mahobatli rassomlik bilan birga dastgoh rassomligi ham rivojlandi. Indoneziya, Kamboja va boshqalarda Budda bilan bog’liq tosh ibodatxonalar va ibodatxona ansambllari, Hindiston, Birma, Nepalda monastir majmualari, Tibet, Mo’g’uliston, Buryatiya va boshqalarda lamaizm monastir ansambllari yuzaga keldi. Markaziy Osiyoda buddizm milod boshlaridan keng tarqalgan. O’zbekiston, Tojikiston, Turkmenistan, Qirg’iziston hududidan o’rta asrga oid Budda san’ati yodgorliklari topilgan. Kushan podsholigi hududida yashagan xalqlar turli dinlar qatori buddizm diniga e’tiqodda bo’lganligi aniqlangan. Kushan tangalarida buddizmga oid shaxslar tasvirlangan. Budda san’atida mahobatli qurilishlar (ko’pincha budda monastirlari qurish) katta o’rin tutgan, ular haykallar va devoriy rasmlar bilan bezatilgan. Ayritomdan yer osti monastiri (sangarama), Qoratepatshm — g’or ibodatxona (vixara), shuningdek Chingiztepa, Dalvarzintepadan qadimgi g’or monastirlar majmuasining qoldig’i topilgan. Topilmalar orasida ohaktoshga o’yib ishlangan, ganch va loydan tayyorlangan haykallar, rangli devoriy rasmlar va Budda san’atiga xos boshqa san’at qoldiqlari bor. Jumladan, Zurmala minorasi Budda stupasining qoddig’i hisoblanib, u uch qavatli bo’lgan deb taxmin qilinadi. Budda san’ati namunalari qayerdan topilganligidan qati nazar shaklan va mazmunan o’xshash bo’lgan. Bahodir Turg’unov.