BUKEY O’RDASI

BUKEY O’RDASI (ichki O’rda) Rossiya imperiyasiga qaram qozoq xonligi (1812-47). Ural va Volga daryolari oralig’idagi erlarda tashkil qilingan. Qozoq sultonlaridan Nuralixon 1749 yil Kichik juz (kichik O’rda) ga xon bo’lgach, mamlakatda hokimiyat uchun ayovsiz kurash boshlangan. Shunda Ashtarxon (Astraxon) kazak polki komandiri Popov taxtdan umidini uzgan Nuralixonning o’g’li Bukeyga Ural va Volga daryolari oralig’idagi dashtlarga ko’chib o’tish uchun chor hukumatidan ijozat so’rashni maslahat bergan. Bukey 1799 yil shunday qilgan. Rossiya imperatori Pavel I ruxsat bergach (1801), Bukey o’z tarafdorlari (5 ming o’tov, 22 mingdan ortiq kishi) bilan mazkur dashtlarga ko’chib o’tgan. 1812 yil chor hukumati Bukeyni xon etib tasdiqlagan. Bukey vafot etgach (1815), Bukey o’rdasini uning ukasi Shig’ay idora qilgan (1815 23), undan keyin taxtga Bukeyning o’g’li Janger (1823-45), so’ng Jangerning o’g’li Sohib Girey o’tirgan (1845-47). Sohib Girey vafot etgach, chor hukumati xonlik hokimiyatini bekor qilib (1848), Bukey o’rdasi boshqaruvini rus chinovniklaridan iborat Muvaqqat kengashga topshirgan. Bukey o’rdasi 1876 yil Ashtarxon (Astraxon) gubernyasi tarkibiga qo’shib yuborilgan.