BULG’OR

BULG’OR — Volga-Kama Bulg’oriyasi poytaxti. Xarobalari Tatariston Respublikasining Bulg’or (Bulg’orlar) qishlog’i yaqinida saqlanib qolgan. Bulg’orda arxeologik qazish ishlari 1870 yilda boshlangan. 1950-57 yillarda esa A. P. Smirnov rahbarligidagi arxeologik ekspeditsiya u yerda keng ko’lamda qazish ishlari olib borgan. Bulg’or o’rnidagi eng ilk manzilgoh milodiy 1-ming yillikning 2-yarmiga oid. Sharq yozma manbalari (Ibn Fadlon. Ibn Havqal, Abulhamid Andalusii, Abu Abdulloh G’arnotiy va boshqa asarlari) da Bulg’or 10-asrdan tilga olingan bo’lib, uning vujudga kelishi aslida shu vaqtga to’g’ri keladi. 13-asrning 2-yarmida Bulg’or Oltin O’rdaning eng muhim savdo-sotiq va hunarmandchilik markaziga aylangan. Arxeologik qazishlar vaqtida Bulg’or xarobasining 13— 14-asrlarga doir qatlamlaridan ko’plab mehnat qurollari, uy-ro’zg’or buyumlari. taqinchoqlar, tangalar, turar joy va hammomlar xarobalari, xumdonlar, cho’yan eritish ko’ralari, sizot suv quvurlari hamda O’rta Osiyo, Qrim, Zakavkaze, Rus va Xitoydan keltirilgan buyumlar topilgan. Bulg’ordagi binolarning ko’pchiligi O’rta Osiyodan keltirilgan naqshinkor sirlangan sopol plitkalar bilan bezatilganligi aniqlangan. 14-asrga oid minora, bulg’or xonlari maqbaralari, Cherkov, masjid va bulg’or xonlarining yozgi qarorgohi xarobalari hozirgacha saqlanib qolgan. Bulg’or yaqinida bozor (Og’abozor) bo’lgan. Bulg’or 1361 yil Oltin O’rda xoni buloq Temur tomonidan vayron qilingan, 15-asrga kelib esa unda hayot butunlay to’xtagan.