BURGANSOY RASMLARI

BURGANSOY RASMLARI — Nurota tog’ tizmasining Janubiy yon bag’ridagi Tasmachisoyning chap irmog’i qoyatoshlariga ishlangan tasvirlar. Navoiy viloyati Xatirchi tumani hududida. 1980-yillarda arxeolog M. Xo’janazarov tomonidan topilgan, o’rganilmoqda. Tadqiqotchilarning fikricha, Burgansoy rasmlarining eng qadimgilari miloddan avvalgi 2-ming yillikka mansub, miloddan avvalgi 6-1- asrlarga oidlari ham uchraydi. Rasmlar qattiq buyumlar bilan urib o’yib, asosan soya, shakl ko’rinishi va oddiy chiziqlar usulida ishlangan; ularda odamlar, buqa, ot, tuya, to’ng’iz, qoplon, bo’ri va boshqa hayvonlar tasvirlangan (ayniqsa, sherlar tasviri diqqatni o’ziga tortadi); ovchilik, chorvachilik, qadimgi ajdodlarning turmushi bilan bog’liq ayrim lavhalar mohirona ifodalangan. Burgansoy rasmlari shu yerdagi xalqning qadimgi madaniyati, tarixini o’rganishda qimmatli manba hisoblanadi.