BURG’ILASH JIHOZLARI

BURG’ILASH JIHOZLARI — burg’ilashda ishlatiladigan turli asbob-uskuna va qurilmalar (burg’ilash asbobi, burg’ilash bolg’asi, burg’ilash koronkasi, burg’ilash qurilmasi, burg’ilash minorasi va boshqalar). Burg’ilash asbobining asosiy elementi iskana. U o’z og’irligi bilan sharoshka (tishli ish jihozi) tishlarini tog’ jinsiga botirib, uni maydalaydi; mayda jins stvol (quvur)dan yuqoriga oqayotgan loyli aralashma bilan tashkariga chiqib ketadi. Sharoshka o’z o’qi atrofida aylanadi. Turli qattiqlikdagi tog’ jinslarini burg’ilash uchun sharoshka tishlari har xil shaklda yasaladi. Yumshoq va o’rtacha qattiqlikdagi tog’ jinslarini burg’ilash uchun tishlar uzun va o’tkir, qattiq tog’jinslarini burgilash uchun esa mayda qilinadi. Burg’ilash bolg’asi aylanma zarba berib, kovak (shpur)lar burg’ilaydigan mashina. Uning elektr va siqilgan havo bilan ishlaydigan xillari bor. Siqilgan havo bilan ishlaydigan burg’ilash bolg’asi shtokli porshen yordamida burg’ining yuqori qismiga zarba beradi; har bir zarbadan keyin burg’i o’z-o’zidan 10-15° buriladi, natijada u tog’ jinslari orasida qisilib qolmaydi. Qattiq va juda qattiq tog jinslarida shpurlar burg’ilash uchun og’irligi 15— 35 kilogrammli burg’ilash bolg’asi ishlatiladi. Burg’ilash koronkasi tog’ jinsini yemiruvchi tsilindrik g’ildirakcha shaklidagi koronkali quvurning uchi. Uning chidamliligini oshirish uchun pastki uchiga olmos yoki pobedit o’rnatiladi. Burg’ilash qurilmasi — quduqlar burg’ilaydigan muqim (stasionar) yoki ko’chma asbob (iskana)li qurilma. Uning muqim turlaridan biri kopyor, 150— 200 tonnagacha yuk ko’tara oladigan chigir, burg’ilash quvurlarini aylantiruvchi rotor va loyqa suyuqlikni tortuvchi nasosdan iborat. Razvedka quduqlarini burg’ilashda ichki yonuv dvigatellari ishlatiladi. Agar burg’ilash qurilmasi but quvvati bilan ishlasa, elektr motorli reduktor o’rniga bug’ mashinasi va, ba’zan, bug’ nasoslari o’rnatiladi. Ko’chma burg’ilash qurilmasi asbob-uskunalari bir umumiy ramaga yig’ilib, katta yuk avtomashinasiga, rezina gildirakli yoki zanjirli (gusenitsali) traktorga o’rnatiladi. Burg’ilash minorasi — quduqlar burg’ilash uchun quriladigan inshoot; u burg’ilash qurilmasining asosiy elementi. Burgilash minorasi 300 tonnagacha yuk ko’tara oladigan to’rt qirrali metall konstruktsiyalardan iborat. Uni 10-15 kilometr masofagacha ko’chirish mumkin. Poydevori beton yoki yog’ochdan yasaladi. Iskananing necha marta tushib chiqishi va burg’ilanadigan quduqning chukurligiga qarab, minora 30-60 metr chamasi balandlikda quriladi.