BURHONOV MUKAMMIL

BURHONOV MUKAMMIL (1884, Buxoro — 1938, Toshkent) — Buxorodagi jadidlik harakati namoyandasi. 1910 yildan yosh buxoroliklar tashkilotining a’zosi. Buxoroda maktab va madrasalarni isloh qilib, yoshlarga zamonaviy ta’lim berishga harakat qilgan “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) maxfiy jamiyatini tuzishda ishtirok qildi (1910 yil noyabr) O’z uyida yashirin ravishda yangi usuldagi maktab ochdi (1912), savodsiz va chalasavodlar uchun kechki kurs tashkil qildi (1913). Jadidlarga qarshi Buxoro amirining zulmi kuchaygach, Buxoroni tark etdi (1918). Amir hokimiyati ag’darib tashlangach, BXSR Adliya noziri, BXSRning RSFSR hukumati huzuridagi Muxtor vakili (1920-24). 20-yillar o’rtalaridan boshlab siyosiy faoliyatni to’xtatdi. Maqomchilar ota G’iyos va ota Jaloddan ta’lim olib. jiyani Burhonov Mutavakkilga dastlabki musiqaviy tarbiya berdi. Burhonov 1937 yil qatag’on qilindi va aka-ukalari bilan birgalikda 1938 yil 24 sentabrda otib tashlaidi. Ad.: O’zbekistonning yangi tarixi [2kitob], O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida, T., 2000.