BURQUTSOY

BURQUTSOY, Otchisoy — Navoiy viloyati Nurota tumanidagi soy. Qoratog’ning Janubiy yon bag’ridan (800 metr), Burqut qishlog’i yaqinidan boshlanadi. Uzunligi 18 kilometr, havzasining maydoni 84 kilometr kvadrat. Yog’in juda kam yog’adigan past tog’lardan boshlanganidan Burqutsoy juda kamsuv. Soyda yog’ingarchilik paytidagina boshdanoyoq suv oqadi, boshqa vaqtlarda deyarli qurib qoladi. Burqutsoy Zarafshon daryosiga etmasdan O’rtaovul va Bahrin qishloqlari yaqinida tugaydi. Burqutsoyga o’ngdan birgina Xonaqasoy irmog’i quyiladi.