BURYATIYA

BURYATIYA, Buryatiya Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Sharqiy Sibirning Janubda, Baykal ko’lidan Janub va sharida joylashgan. Maydoni 351,3 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1056,6 mingdan ziyod kishi (1990-yillar o’rtalari). Buryatiyada 21 tuman (aymoq), 6 shahar va 29 shaharcha bor. Poytaxti — UlanUde shahri. Davlat tuzumi. Buryatiya— respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1994 yil 22 Fevralda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — prezident. Qonun chiqaruvchi oliy (vakolatli) organi — bir palatali parlament — Xalq xurali. Oliy ijroiya hokimiyatni respublika hukumati amalga oshiradi. Tabiati. Buryatiyaning ko’p qismi tog’lik. Baykal ko’li qirg’og’i bo’ylab Xamardaban, UlanBurgasi, Barguzin, shimolda Janubiy Muya va shimoliy Muya tizmalari, tog’lararo soyliklar (yuqori Angara, Muyakaundi) joylashgan. Buryatiyaning butun shimoliy Sharqiy qismini Vitim yassitog’ligi egallagan. Janubiy sharqda Tsagandaban, Xudun, Zagan, Tsaganxurtey kabi qator tizmalar bor. Chekka Janub g’arbida Buryatiyaning eng baland nuqtasi — Munkusardik tog’i (3491 metr). Foydali qazilmalari: oltin, kumush, qalay, nikel, volfram, molibden, apatit, kvars, marmar, granit, temir rudasi, ko’mir, grafit. Iqlimi keskin kontinental. Qishi sovuq (yanvarning o’rtacha temperaturasi -24° dan -25° gacha), qor kam yog’adi. Yozi iliq, iyulning o’rtacha temperaturasi 7° dan (tog’larda) 18° gacha. Yiliga 300 millimetr yog’in tushadi. Ko’p yillik muzloq yerlar bor. Daryolari asosan Baykal kuli va Lena daryosi havzalariga qaraydi. Baykal ko’liga Selenga, Barguzin va Yuqori Angara quyiladi. Lena havzasiga Vitim daryosi qaraydi. Tog’tayga, tog’ chimli tuproqlar, tog’larda tog’tundra, dasht va o’rmonli dashtlarda qoramtir tuproq va kashtan tuproqlar uchraydi. Maydonning 4/5 qismi o’rmon. Hayvonot dunyosi turli-tuman. Sobol, Olmaxon, ondatra, kolonok, oqsichqon, tulki, bo’ri, oq quyon, rosomaxa, silovsin, ayiq, los, izyubr, elik, kabarga, yovvoyi cho’chqa, tog’echkisi, shimol bug’usi va boshqalar yashaydi. Baykal, Barguzin qo’riqxonalari bor. Aholisi. Buryatiyada 60 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Buryatlar aholining 25%, ruslar 70%ni tashkil etadi, shuningdek ukrainlar, tatarlar va boshqalar ham yashaydi. Aholisining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 3 kishi. Aholining 60% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: UlanUde, Kyaxta, Zakamensk, Gusinoozyorsk. Tarixi. Buryatiya hududidan yuqori paleolit davriga mansub arxeologik yodgorliklar topilgan. O’sha davrda odamlar ibtidoiy jamoa tartibida yashab, ovchilik bilan shug’ullangan. Neolit davriga kelib o’q-yoy paydo bo’lgan, kulolchilik rivojlangan. Miloddan avvalgi 3-asrdan milodiy 11-asrgacha bo’lgan davrda Buryatiyada ko’chmanchi jamoalar hamda ilk feodal davlatlarning qabila uyushmalari (xunnlar, jujanlar, uyg’ur, qirg’iz va kidanlar) birin-ketin hukm surib turgan. Asosiy buryat qabilalari — bulag’at, exirit vaxorinslar 13-asrdan avvalroq shu yerlarda yashagan. Buryatlar xo’jaligini asosan chorvachilik tashkil etgan. Ba’zi aymoqlarda dehqonchilik, ovchilik, hunarmandchilik bilan shug’ullanganlar. 17-asrda Buryatiyada birinchi bor rus kazak otryadlari paydo bo’ldi. Bu yerlarda harbiy istehkomlar qurila boshlanib, shu munosabat bilan Rossiyadan davlat xizmatidagi kishilar, sanoat ishchilari, rus dehqonlari (mujiklar) ko’chib kela boshladilar. 17-asr o’rtalarida G’arbiy Buryatiya, keyinroq uning qolgan qismi Rossiya tarkibiga qo’shib olindi. 20-asr boshlarida chorizmga qarshi harakat avj oldi. 1918 yil Fevralda Sho’ro hokimiyati o’rnatildi. O’sha yilning avgustda Yaponiya va 1919 yil aprelda Amerika qo’shinlari bosib oldi. 1920 yil martida xalq lashkarlari sho’ro armiyasi yordamida Buryatiyani ozod qildi. Natijada 1921 yil 27 aprelda BuryatMongol, 1922 yil 9 yanvarda MongolBuryat Muxtor viloyatlari paydo bo’ldi. 1923 yil 30 mayda ular birlashtirildi va RSFSR tarkibida BuryatMongol ASSR tashkil topdi. 1958 yildan Buryatiya ASSR, 1991 yildan Buryatiya Respublikasi deb nomlandi. 1990 yil oktabrda Buryatiyaning davlat suvereniteti haqidagi deklaratsiya qabul qilindi. Xo’jaligi. Buryatiyada mashinasozlik va metall ishlash tarmoqlari rivojlangan. Jumladan, aviatsiya sanoati (Mi8, Mi17 vertolyotlarini ishlab chiqaruvchi ulanude aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi), transport mashinasozligi (lokomotiv vagon ta’mir zavodi), priborsozlik (avtomatlashtirish priborlari va vositalarini ishlab chiqaruvchi “Teplopribor” zavodi), chorvachilik uchun mashina va asbob-uskunalar (“Buryatfermmash” birlashmasi), o’rmon, yog’ochsozlik va tsellyulozaqog’oz sanoati (“Zabaykalles” kontserni, Selenga tsellyulozakarton kombinati), binokorlik materiallari sanoati (Timlyuy tsement va asbest buyumlar zavodi) korxonalari bor. Yengil sanoatda “UlanUde manufakturasi” aktsiyadorlik birlashmasi, UlanUde ustki trikotaj kiyimlar fkasi eng yirik korxonalardir. Oziq-ovqat sanoati korxonalari UlanUde, Zakamemsk. Ustbarguzin, Nijneangarskda joylashgan. Mudofaa korxonalarida xalq iste’mol mollari: aviatsiya zavoddida kir yuvish mashinalari, priborsozlik birlashmasida tibbiyot asboblari, radio zavodida audio va videopriyomniklar ishlab chiqariladi. Gusinoozersk davlat elektr stansiyasi va UlanUdeda 2 issiqlik elektr stansiyasi bor. Qishloq xo’jaligida mayin junli qo’ychilik, go’sht-sut, go’sht chorvachiligi yetakchi tarmoqlardir. Qoramolchilik, cho’chqachilik, yilqichilik, parrandachilik, hayvonotchilik, bug’uchilik hamda mo’ynali hayvonlarni ovlash rivojlangan. Buryatiya Janubda va Barguzin daryosi vodiysida dehqonchilik qilinadi; donli ekinlar, asosan bahori bug’doy, suli va arpa ekiladi. Asosiy transport turi — temir yo’l (uzunligi 1200 kilometr, yuk aylanmasining 80%). Buryatiya Janubdan Transsibir temir yo’l, shimoldan Baykalamur magistrali (BAM) o’tadi. Respublika hududining har 10 ming kilometr kvadratga 34 kilometr temir yo’l to’g’ri keladi. Temir yo’l UlanUdeni Mongoliyaning Ulanbator va XXRning Pekin shaharlari bilan bog’laydi. Avtomobil yo’llari uzunligi — 9530 kilometr. UlanUde shahrida aeroport bor. Baykal ko’lida, Selenga, Barguzin va yuqori Angara daryolarida kemalar qatnaydi. Baykal bo’yida turizm yo’lga qo’yilgan. Zabaykale va Tunkin tabiiy milliy bog’lari barpo etilgan. Tashqi savdo aylanmasi 190 million AQSh dollariga yaqin. Buryatiya hududida 100 dan ortiq qo’shma korxonaga 20 mamlakat sarmoya sarflagan. Dunyodaga 60 davlat, jumladan, Xitoy, Mongoliya, Italiya, Litva, Ukraina, Qozog’iston, O’zbekiston va boshqalar bilan savdo qiladi. Chetga chiqariladigan mahsulotlari: yog’och, tsellyuloza, jun, don, kumush, rangli metallar, kumir, marmar, mo’yna, charm, oyna va b. Chetdan sanoat uchun butlash detallari va boshqa asbob uskunalar keltiradi. Buryatiyada 4 mingdan ziyod vrach aholiga xizmat ko’rsatadi. Buryatiya hududida 300 dan ko’proq shifobaxsh buloq, Goryachinskdagi balneologiya shifoxonasi, Arshan, Sayan tog’ kurortlari, “Baykal” sanatoriysi bor. Buryatiya ilmiy markazi va Sharq tibbiyoti markazida Tibet tibbiyoti sirlari o’rganiladi. 10 dan ko’proq dori-darmon tibetcha resept bo’yicha ishlab chiqilgan, tomirga qarab tashhis qo’yuvchi Avtomat majmua yaratilgan, “Baykalfarm” doridarmon ishlab chiqarish korxonasi mavjud. Maorifi va fani. Buryatiyada 4 oliy (20 mingdan ortiq talaba) va 20 o’rta maxsus (16 mingga yaqin talaba) o’quv yurti, 6 kollej, 44 boshlang’ich hunar ta’limi o’quv yurti, 602 o’rta umumiy ta’lim maktabi (191 ming o’quvchi), litsey va gimnaziyalar faoliyat ko’rsatadi. Sharqiy Sibir texnologiya universiteti, Buryatiya ilmiy markazi bor. Ikkita respublika va bir necha tuman gazetalari nashr etiladi. Respublika davlat teleradiosi ishlaydi. Adabiyoti. Qadim zamonlarda buryatlarning rivojlangan badiiy adabiyoti bo’lmagan. 18-asr o’rtalaridan xalq og’zaki ijodiyoti namunalarini yozib olishga kirishilgan, ular orasida magtal deb atalgan madhiyalar, turli she’rlar, qo’shiqlar va dostonlar bor. Xalq she’riy ijodiyoti zamonaviy buryat adabiyotining shakllanishiga barakali ta’sir o’tkazdi. Qo’shiq va laparlar, afsona va rivoyatlar, maqol va matallar, ertak va dostonlarda xalqning fikr tuyg’ulari, orzu umidlari ifodalangan. Bir necha o’n ming satrdan iborat bo’lgan “Geser” milliy eposi buryatlar Qahramonnoma ijodkorligining cho’qqisi hisoblanadi. 20-asr boshlarida ulus yozma dramaturgiyasi dunyoga keldi. Bu janrni D. A. Abasheev, S. P. Baldayev, I. V. Barlukov, K. G. Saltikov boshlab berdilar. 20-yillarda ijodiy yo’lini boshlagan X. N. Namsarayev zamonaviy buryat adabiyotiga asos soldi. U o’zining bir pardali pyesalarida, she’r va hikoyalarida, “Gelenboboning iqrori” poemasida xalq hayotini tasvirladi. Uning “Tsirempil” qissasi mehnat axlining ozodlik va baxt-saodat yo’lidagi kurashini ifodalaydi. Muallifning “Taysha qamchisi” pyesasi va “Tong shafag’i” romani buryat adabiyotining oltin fondiga kiradi. Buryat shoir va adiblaridan Solbone tuy, Ts. Don, N. Baldano, B. Bazaron, Ch. Tsidendambayev, B. Mungunov, D. Batajabay, M. Stepanov, J. Baldanjabon, I. Kalashnikov, Ts. Galsanov, D. Jalsarayev asarlari mashhur. Me’morligi va tasviriy san’ati. Buryatiya yerlarida miloddan avvalgi davr san’at yodgorliklari — toshlarga o’yib ishlangan odamlar, hayvonlar, ov manzaralari tasviri, keramika va bronza kandakorligi namunalari ko’p topilgan. Bular naqqoshlik, yog’och, suyak, oltin, kumush o’ymakorligi rivojlanganidan dalolat beradi. UlanUde yaqinida Ivolgin shahar (miloddan avvalgi 1-asr va milodiy 1-asr) qoldiqlari mavjud. 18-asrdan lamaizm ta’sirida qurilgan ibodatxonalarda Markaziy Osiyo va yerli xalq san’ati an’analari chatishib ketdi (Aginskoye, Gusinoozyorsk, Tsigalsk va boshqa shaharlarda ko’p ibodatxonalar saqlangan). Bular 2 va 3 qavatli, tom burchaklari yuqoriga qayrilgan. Ularning old tomonida ko’pincha ustunli peshayvon bo’lgan. Bu ibodatxonalarda Budda haykallari o’rnatilgan. Keyingi yillarda Buryatiyada ko’plab zamonaviy turar joy, maishiy va madaniy binolar qad ko’tardi, yangi shahar va qishloqlar barpo etildi. Teatri. Xalq qo’shiqlari, raqs va o’yinlari milliy teatr negizini tashkil etadi. Xalq o’yinlari an’anasi dastlabki spektakllarda qo’llanilgan aktyorlik malakasining yuzaga kelishiga sabab bo’ldi. 1908-17 yillarda ilk havaskorlik teatrlari tashkil togtshi. Dastlabki yozma pyesalar “O’lim” (D. Abasheyev), “Ayb ichimlikda” (M. Barlukov), “Ikki dunyo” (M. Saltikov) 1908— 14 yillarda vujudga keldi. 20-yillarning boshida havaskorlik to’garaklari avj oldi. 1927 yil UlanUdeda drama teatri ochildi. Uning aktyor va rejissyorlari Buryatiya milliy teatrining tashkil topishiga yordamlashdi. 1928 yilda Buryatiya teatr studiyasi ochildi. Shu studiya asosida 1930 yilda san’at texnikumi tashkil topdi va u 1936 yilda musiqa-teatr bilim yurtiga aylantiriddi. B. Baldano, M. Shambueva, G. Tsidinjapov kabi atoqpi dramaturg, aktyor va rejissyorlar yetishib chiqdi. Buryatiyaning mashhur sahna ustalari: M. Stepanova, V. Xalmatov, B. Vampilov, N. Gendunov, F. Saxirov va boshqalar. Buryatiyada 4 ta teatr, B. davlat filarmoniyasi, “Baykal” ashula va raqs ansambli mavjud.