BUTADIEN – NITRIL KAUCHUKLAR

BUTADIEN – NITRIL KAUCHUKLAR, divinil nitril kauchuklar — butadien va akrilonitrilning sopolimerhosilalari. Monomerlarni suvli emulsiyada 5° da (“sovuq polimerizasiya”) yoki 30° da (“issiq polimerizasiya”) emulgator ishtirokida sopolimerizasiyalab olinadi. Butadien-nitril kauchuklar bog’langan akrilonitril miqdori 17— 45%. Rangi och sariqdan to’q jigarranggacha. Moylar. benzin, alifatik uglevodorodlar ta’siriga chidamli; ketonlarda, xlorlangan uglevodorodlarda eriydi. Butadien-nitril kauchuklarni vulkanizatsiyalashda asosan oltingugurtdan, organik disulfid va peroksidlardan foydalaniladi. Butadien-nitril kauchuklardagi bog’langan akrilonitril miqdori oshishi bilan uning mustahkamligi, moy va benzinga chidamliligi ortadi, lekin elastikligi hamda sovuqqa chidamliligi kamayadi. Sanoatda Butadien-nitril kauchuklar o’ralgan lenta, briket, donador bo’lakchalar shaklida chiqariladi. Chet ellarda xemigum, perbunan, buna N, nipol, parakril va boshqa nomlar bilan ma’lum. Butadien-nitril kauchuklardan uzatma tasmalar, poyabzal tagliklari, yonilg’i saqlanadigan idishlar, elektr simlari qoplamalari, ebonit hamda moy va benzinlarga chidamli buyumlar ishlab chiqariladi. Plastmassalar uchun plastifikatorlar sifatida ham qo’llaniladi.