BUVAKI

BUVAKI — xo’raki va vinobop mahalliy uzum navi. Tupi kuchli o’sadi. Guli ikki jinsli. Bu navning tosh va Nor buvaki nomli xillari bor. Bargi katta (diametri 18-22 santimetr), to’garak, besh bo’lakchali, to’q yashil, yaltiroq, bir oz yuqoriga qayrilgan, cheti arra tishli. Uzum boshi katta (bo’yi 20—28 santimetr), uzunchoq konussimon, o’rtacha tig’iz, og’irligi 250-300 gramm. G’ujumi o’rtacha (16-18 millimetr), dumaloq, och yashil, sarg’ish, sershira, po’sti qalin. Tosh buvaki g’ujumining sirtida qoramtir nuqtalari borligi bilan Nor buvakidan ajralib turadi. Sentabr boshlarida pishadi. Tarkibidagi qand 20-22%, hosildorligi 150-180 tsentner/gektar. Sug’oriladigan tipik bo’z tuproqdi va lalmikor yerlarda yaxshi o’sadi. Sovuqqa chidamsiz. 1930 yildan O’zbekistonda Buxoro va Samarqand viloyatlarida yetishtiriladigan Buvakidan “Buvaki” desert oq markali (navli) vino tayyorlangan, xonadonlarda a’lo sifatli shinni pishirilgan. Buvaki qishda saqlashga ham yaroqli bo’lgan. 60-yillardan boshlab ekiladigan navlar ro’yxatidan chiqarib yuborilgan.