BUVAYHIYLAR

BUVAYHIYLAR — G’arbiy Eron va Iroqda hukmronlik qilgan sulola (932-1055). Asoschilari — aka-uka Ahmad, Hasan va Ali. Ularning otasi Buvayh (sulola nomi shuning ismidan olingan) Eron podshohi Bahrom go’r naslidan bo’lib, Daylam (Gilon viloyatining tog’li qismi) dagi jangari qavmlar sardori edi. Shu boisdan mazkur sulola vakillari “Daylamiylar” deb ham atalgan. Buvayh 930 yil Somoniylardan ajrab chiqib, ziyoriylarta qo’shilgan. Ziyoriylar hukmdori Mardovij (928— 935) Buvayhning o’g’illaridan Alini Karaj shimolga voliy, Ahmad va Hasanni esa yirik harbiy qismlarga boshliq qilib tayinlagan. So’ng, Buvayhiylar 932-945 yillarda Arrajon, Nubinjon, Isfahon, Hamadon, Ray, Kirmon, Ahvoz, Sheroz shaharlarini bosib olganlar. Shunda Bag’dod xalifasi Almustakfiy billoh (Abdulloh) (944— 946) aka-uka Buvayhiylarni o’zlari istilo qilgan viloyatlarga noib etib tayinlashga majbur bo’lib, Aliga “Imoduddavla” (“Davlat tayanchi”), Hasanga “Ruknuddavla” (“Davlat ustuni”) va Ahmadga “Muizzuddavla” (“Davlat qudrati”) degan faxriy unvon bergan. Keyin, Buvayhiylar 945 yil Bag’dodni ham bosib olib, abbosiylar xalifaligining siyosiy mavjudligiga chek qo’yganlarda, amalda davlatni o’zlari boshqara boshlaganlar. 10-asrning 2-yarmida Buvayhiylar qadimgi Eron hukmdorlarining “Shahanshoh” degan unvonini qabul qilganlar. Buvayhiylarning eng mashhur vakili—Adududdavla (949— 983) mamlakatdagi barcha uluslarni birlashtirishga muvaffaq bo’lgan. Uning davrida sug’orish tarmoklari kengaytirilgan, Sheroz, Bag’dod va boshqa shaharlarda katta qurilish ishlari olib borilgan, iqto yerlari ko’paytirilgan, ilm-fan va san’at birmuncha taraqqiy etgan. Adududdavla vafotidan so’ng mamlakatda boshlangan taxt uchun kurash oqibatida Buvayhiylar zaiflashib qolib, mamlakat erlarining Sharqiy qismi Mahmud G’aznaviy tomonidan ishg’ol etilgan (1029). Saljuqiylarning 1055 yil qilgan bosqini esa Buvayhiylar sulolasi hukmronligini butunlay tugatgan.