BUXGALTERIYA HISOBOTI

BUXGALTERIYA HISOBOTI — korxona (tashkilot, muassasa) ning hisobot davri (oy, chorak, yil) dagi mablag’lari holati va xo’jalik-moliyaviy faoliyatini ifodalovchi ko’rsatkichlar tizimi; buxgalteriya hisobi ma’lumotlari bo’yicha tuziladi. Buxgalteriya hisoboti statistika va operativ hisobotlari bilan birgalikda moliyaviy hisobotning tarkibiy qismini tashkil etadi. Davriyligiga ko’ra Buxgalteriya hisoboti chorak, yarim yil, 9 oy va bir yil uchun tuziladi. Maqsadiga ko’ra ichki va tashqi turlarga bo’linadi. Ichki Buxgalteriya hisoboti korxona va uning tarkibiy bo’linmalari faoliyatini tahlil etish hamda boshqarishga xizmat qiladi. Tashqi Buxgalteriya hisoboti korxonaning moliyaviy holati haqida axborotlar oladigan boshqaruv hamda nazorat idoralariga beriladi. Hajmiga ko’ra dastlabki (korxonalar tomonidan joriy buxgalteriya hisobi ma’lumotlariga ko’ra) va jamlanma (statistika muassasalari tomonidan hududiy tamoyillarga ko’ra) Buxgalteriya hisobotiga bo’linadi. 1997 yil 1 yanvardan Buxgalteriya hisoboti qamraydigan ma’lumotlar doirasi (buxgalteriya balansi, moliyaviy faoliyat haqida hisobot, kreditorlik va debitorlik qarzdorligi haqida ma’lumotnoma, asosiy vositalar harakati, pul oqimlari, o’z kapitali to’g’risidagi hisobotlar va boshqalar) ni O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilaydi. Buxgalteriya hisobotining belgilangan muddatda topshirilishi va majburiyligi ularga qo’yiladigan asosiy talabdir. Korxonalar yillik Buxgalteriya hisobotini yakunlangan yildan keyin 15 Fevraldan (chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar 1 martdan), choraklik Buxgalteriya hisobotini chorak tugagach, 25 kundan kechikmay mulk egalariga, korxona joylashgan hududdagi davlat statistika idoralariga, davlat soliq inspektsiyalariga va boshqa davlat organlariga topshirishlari shart.